Avvalroq “UzAuto Motors” Asaka shahridagi zavodining ishlab chiqarish liniyalari ishlashini vaqtincha to‘xtatgandi.
Bunga ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash hamda konveyerlarning ishdan chiqishini oldini olish maqsadida korxonada texnik ishlar olib borilishi, deya keltirilgandi.
Xususan, kompaniya Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan jalb etilgan 170 nafar mutaxassis bilan hamkorlikda Asaka shahridagi zavodining ishlab chiqarish liniyalarini rejali modernizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ydi.
“UzAuto Motors” matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, mazkur zavod joriy yilning 17-iyul, dushanba kunidan to‘liq quvvatda qayta ishga tushadi. Hozir mutaxassislar sexlarni bosqichma-bosqich ishga tushirmoqda.
Rejaga ko‘ra, yangi uskunalarda nosozliklarni tuzatish va ikkita ishlab chiqarish liniyasiga texnik xizmat ko‘rsatish belgilangandi. Shu tariqa zavodga Yaponiyaning yangi “FANUC” robot tizimi o‘rnatildi.
Konveyer relslarini almashtirish va robot tizimiga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bo‘yoq sexi keng qamrovli takomillashtirildi. Shuningdek, press, payvandlash va yig‘ish sexlarida rejali profilaktika ishlari olib borildi.
Bundan tashqari, dastur doirasida infratuzilma ham yangilandi. Asosiy elektr transformator va ikkita yordamchi transformator stansiyasi almashtirildi.
“UzAuto Motors” modernizatsiyadan so‘ng birinchi liniyada ishlab chiqarish tezligi soatiga 35 ta avtomobilgacha, ikkinchisida esa 30 ta mashinagacha oshishini kutmoqda. Demak, zavod yiliga qo‘shimcha 30 ming dona “Chevrolet Cobalt” avtomobilini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Iyun oyi boshida “Chevrolet Cobalt” va “Gentra” avtomobillari narxi oshishi kutilayotgani haqidagi xabarlar rad etilgandi.