“O‘zbekiston Respublikasi samoviy hududida fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.
Unga ko‘ra, hujjat bilan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, 2022-yil 15-noyabrdagi tegishli qarorga muvofiq, mamlakat samoviy hududida fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Uchuvchisiz uchadigan apparat — uchuvchisiz parvozni amalga oshiradigan yoki to‘liq boshqa joydan masofadan turib boshqariladigan yoxud dasturlashtirilgan va parvozda to‘liq avtonom bo‘lgan havo kemasi (havo kemalari modellari va o‘yinchoq havo kemalari modellari bundan mustasno).
Uchuvchisiz uchadigan apparat o‘zida odatda yaxlit tizim sifatida foydalaniladigan uchuvchisiz va masofadan boshqariladigan havo kemalarini birlashtiradi.
Buyruq bilan tegishli aviatsiya qoidalarining 789¹-bandi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
Dron parvozini bajarish vaqtida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparat operatorida ushbu apparatni uchishga tayyorlash va boshqarishga oid qo‘llanma bo‘lishi shart.
Hujjatga bilan, fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparati operatoriga berilgan huquqiy ta’rif — uchuvchisiz uchadigan apparatni bevosita boshqaruvchi shaxs deya o‘zgargan.
Avvalroq dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushgandi.
Unga ko‘ra, QR-kodli ruxsatnomani skanerlash yordamida ma’lumotlar holatini tekshirish mumkin.
2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.
Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.
2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi.
Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
Yil boshida prezident Oʻzbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq “Spot” Janubiy Koreya O‘zbekistonni qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun dronlar bilan ta’minlamoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Mazkur dronlar orqali ekin ekish ishlarining kompleks monitoringi, o‘g‘itlash va o‘simliklar kasallanishiga qarshi kurashni yuqori aniqlikda o‘tkazish imkoni yaratiladi.