E’tibor qarating: ushbu maqoladagi ma’lumotlar moliyaviy maslahat emas. Esingizda bo‘lsin — har qanday investitsiya moliyaviy xavflarni keltirib chiqaradi.
Java dasturchisi Jahongir Alimov 1996-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. Oilada 3 farzandning kenjasi. U maktabning 5-sinfida o‘qib yurgan kezlarida sport bilan shug‘ullana boshlaydi. Sakkiz yil suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bo‘lishiga qaramasdan hayotini boshqa soha bilan bog‘lashga qaror qiladi.
“Men suv polosi bilan shug‘ullangan paytda O‘zbekistonda bu sport turi, masalan, boks kabi rivojlanmagan edi. Bunda kelajagimni ko‘ra olmadim. Ota-onam ham sportni tark etib, biror sohani tanlashni va hunar o‘rganishni maslahat berdilar”, — deydi dasturchi.
Shu tarzda Jahongir 2016-yil Toshkentdagi Inha universitetiga hujjatlarini topshirib, talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘ladi.
Jahongir Alimov IT-sohasidagi qiyinchiliklar, qancha mablag‘ ishlab topishi va ularni qanday sarflashi haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.
Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:
“Ishga kirishda qiynalganman”
Bizda afsuski yoshlarning aksariyati soha tanlash va qayerda ishlashni reja qilishdan avval oliygohga kirib olishni o‘ylashadi. Menda ham shunday bo‘lgan. Shuning uchun avvaldan qaysi yo‘nalishda ketishimni bilmaganman.
Universitetni bitirgach bozorga aynan qaysi IT-mutaxassisi ko‘proq kerak ekanligini ko‘ra boshladim. Bunda menga birinchi ish joyim — “Qishloq Qurilish Bank"idagi bo‘lim boshlig‘im — Fozil Hashimovning hissalari katta. Ular har bir yo‘nalish bo‘yicha chuqur ma’lumot berib, java dasturlash tilini tanlashimga sababchi bo‘lib, menga ustozlik qilganlar.
Bundan tashqari, Angular bilan ishlay olaman va hozirda DevOps’ni ham o‘rganishni boshladim.
Ish topishda muammo bo‘lgan. Java’ning o‘z yo‘nalishlari bor, buni tor yo‘nalishlar deb olamiz. O‘zbekistonda esa aksariyat ish beruvchilar biror dasturlash tilini boshdan oxirigacha to‘liq bilishni talab qiladilar.
Men esa hali tajribam va bilimim yetarli bo‘lmagani uchun ishga kirishdagi suhbatlarda savollarga javob topa olmay qiynalganman. Bir nechta joydan rad javobini olishga to‘g‘ri kelgan.
Bizda suhbat jarayoni, deylik, Yevropada bosqichma-bosqich bo‘lgani kabi tartibga solinmagan.
Mavzuga doir: Germaniyadagi “Amazon” kompaniyasiga ishga kirgan o‘zbekistonlik Jahongir Rahmonov “Amazon"ga ishga kirishdagi bosqichlar va ularga qanday tayyorlanish haqida batafsil so‘zlab bergan.
Masalan, hujjatlaringizni taqdim qilishda borganingizda ogohlantirishsiz intervyuga kiring deb qolishadi va savollarni berishni boshlashadi. Bunda aynan nima bo‘yicha suhbatga tayyorlanish, qaysi savollar tushishi mumkinligi haqida avvaldan bilib bo‘lmaydi.
QQB’da esa ko‘p savollar berib qiynashmagan. Ular asosan boshlovchi xodimlarni ishga olib o‘zlari ish o‘rgatib tayyorlab borishardi. Shuning uchunmi yoki omadim kelibmi 2020-yil mazkur bankning xodimi bo‘lishga muvaffaq bo‘lganman.
Daromadlar haqida
Birinchi mablag‘ni 7-sinfligimda suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bo‘lganimda ishlab topganman, u paytda bizga oylik ish haqi to‘lashar edi.
Esimda, qo‘limga 200 ming so‘m atrofida pul tushganda juda xursand bo‘lgan edim. Bu maktab o‘quvchisi uchun juda katta pul edi. Bu mablag‘ga uyga ro‘zg‘or qilib borgandim. Uydagilarimning quvonchlari hali ham ko‘z oldimda.
IT-sohasidagi birinchi oyligimni QQB’da ishlab yurganimda olganman. Birinchi ish haqim 3 mln so‘mni tashkil etgan. Uch yil ichida boshqa yana ikki bankda ishlashga ulgurdim. Bugungi kunga kelib oylik daromadim 20 mln so‘mdan oshadi.
Qo‘shimcha daromad. Ishdan tashqari vaqtda frilanserlik qilaman va aksiyalarga sarmoya kiritaman, bu menga oyiga o‘rtacha 10 mln so‘m olib keladi.
Muntazam xarajatlar
Har oy qaytariladigan xarajatlarim taxminan quyidagilardan iborat:
- transport, ya’ni shaxsiy avtomobilimga yoqilg‘i uchun 2 mln so‘m atrofida;
- sportga 350 ming so‘m;
- tushlik uchun 2−2,5 mln so‘m;
- oziq ovqat va uy xarajatlariga 5−8 mln so‘m;
- ko‘ngilochar xizmatlarga 700−800 ming so‘m.
Shularni hisoblagan holda, oyiga 13−14 mln so‘m atrofida xarajat qilaman.
Oxirgi marta qilgan eng katta xarajatim uy ta’miriga bo‘ldi. Bunga 150 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarf qilindi.
Hayot qiziq, qancha ko‘p pul topsangiz, xarajatlaringiz ham shunchalik ko‘payib ketaverarkan.
Budjetni boshqarish
Mablag‘larimni yuritishda hech qanday ilovadan foydalanmayman, chunki bu mayda ish bo‘lib ortiqcha vaqtni talab etadi.
Har oylik xarajatlar aniq, shuning uchun oyiga taxminan 10 mln so‘m naqdlashtirib, sarflab boraman. Qolganini esa yig‘adigan pulimga qo‘shaman. To‘g‘risini aytsam, menda pul turishi qiyin. Shu sababli do’stlarimga berib qo‘yaman.
Fikrimcha, pulni naqdlashtirish kerak. Kartadan pul ishlatish yoqmaydi, negaki undagi mablag‘ni qo‘l bilan ushlamaganim uchun qiymatini sezmayman.
Keyin har kim o‘zini to‘qlab olishi kerak deb o‘ylayman. Masalan, ko‘pchilik talabalik vaqtida faqat o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ladi, biror joyga borib ovqatlanishdan, biror buyum xarididan pul tejaydi. Menda ham shunday bo‘lgan.
Oliygohni bitirib pul ishlashni boshlaganimdan so‘ng mablag‘ni tejamasdan o‘zimga safladim, bu bir yil davom etdi. Keyin mablag‘larimni aql bilan sarflashni va yig‘ishni boshladim.
Qarz masalasida oila a’zolarimdan tashqari faqat yaqin do‘stlarimgagina ishonaman. Qolganlarga pul bermayman va olmayman.
Jamg‘arma va sarmoya. Ko‘chmas mulkka, ya’ni uy-joyga sarmoya kiritishni afzal deb bilaman. Fikrimcha, bu xavf va risklardan holi bo‘lgan investitsiya vositasidir.
Kelajakda 2−3ta xonadon xarid qilib, ijaraga berib qo‘yishni reja qilganman. Hozirda bitta xonadon narxi 570 mln so‘m deydigan bo‘lsak, uning 50−60%ini to‘pladim.
Bugungi kunda sizdagi mablag‘ning qiymatini saqlab qolishi ham katta natija. Shuning uchun pullarimni O‘zbekiston banklari aksiyalariga kiritib boryapman.