Iqtisodiyot va moliya vazirligi 17-iyuldan “Tashabbusli budjet” loyihasining ikkinchi mavsumiga start berilishi haqida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra;
- birinchi bosqich — fuqarolar tomonidan loyihalarni shakllantirish jarayonlari 17.07.2023 — 06.08.2023 davomida;
- ikkinchi bosqich — loyihalarni maxsus komissiya tomonidan saralab olish jarayonlari 06.08.2023 — 26.08.2023 davomida;
- uchinchi bosqich — loyihalarga ovoz berish jarayonlari 26.08.2023 — 15.09.2023 davomida o‘tkaziladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mavsum uchun tuman (shahar) budjetlari hisobidan 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilmoqda (mazkur mablag‘lar mavsum yakuniga qadar ortib boradi).
Tashabbusli budjet loyihasining birinchi mavsumi joriy yilning 6-fevraldan boshlab 26-fevraligacha o‘tkazilgandi.
Qayd etilishicha, “Tashabbusli budjet” loyihasining 1-mavsumi uchun davlat budjetidan 756,50 mlrd soʻm ajratilgan.
2022-yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 mln aholi ovoz berdi.
Bu borada, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol bo‘ldi.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trln so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Prezident “Tashabbusli budjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.
Prezident topshirig‘i bilan 2023-yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30%i ham “Tashabbusli budjet” loyihalariga berilishi belgilandi.
Umuman, yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi.
Bunda “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trln so‘mga yetkaziladi.
“Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi”, — dedi prezident.
Aprel oyida “Tashabbusli budjet"da g‘olib bo‘lmagan 1300 dan ortiq loyiha moliyalashtirilishi haqida xabar berilgand i.
Xususan, 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangandi.