Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket uchinchi oy kamaygani haqida xabar berilgandi.

Markaziy bank xalqaro zaxiralar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Xalqaro zaxiralar hajmi mamlakat milliy valyutasi, moliya tizimi barqarorligini ta’minlash va xorijiy investorlar ishonchini oshirish, pul-kredit siyosatini amalga oshirish va xalqaro operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblar uzluksizligini ta’minlash maqsadida yetarli darajada shakllantirib boriladi.

Bunda xalqaro zaxiralarni jamg‘arish asosiy maqsad sifatida xizmat qilmaydi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari tarkibida Markaziy bank mablag‘laridan tashqari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari ham mavjud.

Xalqaro standartlarga ko‘ra, ulardan foydalanish huquqi ushbu tashkilotlar ixtiyorida bo‘ladi va regulyator tomonidan operativ boshqariladi.

Zaxiralar hajmi 2017-yilga nisbatan $9,3 mlrd yoki 35,3%ga oshgan. Bu 2017−2022 yillar mobaynida xalqaro zaxiralar tarkibidagi monetar oltin hajmining 67 tonnaga ortganligi hamda narxining 2017-yil boshidagi $1 159,1 dan 2022-yil yakuniga $1 812,4 gacha ko‘tarilishi bilan izohlanadi.

Bunda xalqaro zaxiralar hajmiga oltin narxi o‘zgarishining ta’siri $6,9 mlrd.ni tashkil qildi.

Natijada xalqaro zaxiralarning tarkibida monetar oltinning ulushi 2017-yilga nisbatan 46%dan joriy yil 1-yanvar holatiga 64%gacha oshdi va mos ravishda valyuta mablag‘lari ulushi 53%dan 36%ga kamaydi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi xalqaro amaliyotda zaxiralarning yetarliligini baholashda qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlarning minimal talablariga to‘liq javob beradi.

Jumladan, xalqaro zaxiralarning keng ma’nodagi pul massasiga nisbati 2023-yil 1-iyul holatiga 204%ni tashkil etib, 20%lik minimal talabdan 10 barobar ko‘pdir.

2021−2022 yillarda YAIM nominal hajmida 20−22%lik o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, import hajmida ham shunga mos ravishda 20−21%lik o‘sish sur’atlari qayd etilgan.

Import hajmining yuqori sur’atlarda oshib borishi sharoitida xalqaro zaxiralarning ularga bo‘lgan nisbatining pasayishi, 2023-yil 1-iyul holatiga xalqaro zaxiralarni 11,3 oylik importni qoplashga yetadigan darajada shakllantiruvchi omillar bo‘lgan. Bu esa minimal talab etiladigan ko‘rsatkichdan qariyb 4 barobarga yuqori.

Mavjud xalqaro zaxiralar O‘zbekistonning 2023-yil davomida so‘ndirilishi kutilayotgan qisqa muddatli tashqi qarzlarini to‘liq qoplaydi hamda bugungi kunda minimal talabga nisbatan qariyb 5,1 barobar yuqori darajada shakllangan.

Tashqi savdo bo‘yicha asosiy hamkor mamlakatlar ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining YaIMdagi ulushi nisbatan yuqori darajani qayd etgan. Xususan, mamlakatda xalqaro zaxiralarning YaIMga nisbati 44%ni tashkil qiladi.

May oyida O‘zbekiston xorijga 11 tonna oltin savdosi bilan dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqdi. Bu esa Qozog‘iston va Germaniyadan keyingi ko‘rsatkichlardan 5,5 barobar yuqori.