Hukumat qaroriga muvofiq Zufar Narzullayev “O‘zbekiston temiryo‘llari” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” Axborot-tahliliy media markazi xabar berdi.
Zufar Narzullayev 1996-yildan O‘zbekiston temir yo‘l sohasidagi tarkibiy bo‘linmalarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
2009 — 2016-yillarda temiryo‘l tizimida kapital qurilish direksiyasiga rahbarlik qilgan va elektrlashtirilgan “Angren — Pop” temir yo‘li qurilishida faollik ko‘rsatgan.
2016 — 2017-yillarda Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Mazkur lavozimgacha Zufar Narzullayev 2017-yildan buyon “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Prezident raisligida investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha 11-iyuldagi videoselektor yig‘ilishida “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari Husniddin Hosilov lavozimidan ozod etilgandi.
Hosilov 2019-yil 5-fevraldan hukumat qarori bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvining raisi vazifasini bajaruvchi, 2019-yil iyunidan rasman boshqaruv raisi lavozimini egallagandi.
Husniddin Hosilov 2020-yil 31-yanvardan esa yana boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Avvalroq “Spot” Bahadirov Alisher “Uzbekistan GTL” direktori lavozimiga tayinlangani haqida yozgandi.