Avvalroq, “IT Park” “Zero Risk” dasturini ihslab chiqqani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya u qanday imkoniyat taqdim etishi hamda shartlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Dastur mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda IT va BPO autsorsingi sohasida eksport faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan.
“Zero Risk” dasturida ishtirok etish kompaniyalarga O‘zbekiston IT sohasiga minimal tavakkalchiliklar bilan kirib borish va mamlakat resurslari va imkoniyatlaridan foydalanishga zamin yaratadi.
Unda ishtirok etish uchun kompaniya quyidagi shartlarni bajarishi kerak:
- “IT Park” rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi;
- kompaniyaning eksportga yo‘naltirilganligini tasdiqlovchi yiliga kamida $500 miqdorida shartnomaga ega bo‘lishi yoki bosh korxonaning yillik aylanmasi $50 mln.dan kam emasligi haqida ma’lumot berishi;
- kompaniya O‘zbekistonning istalgan viloyatlarida, Toshkentdan tashqari jismoniy manzilga ega bo‘lishi kerak;
- 50 nafardan kam bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolaridan iborat ishchi shtatga ega bo‘lishi.
Dastur kompaniyalarga dastlabki xatarlarni qo‘llab-quvvatlash va kamaytirish uchun quyidagi imtiyozlarni taqdim etadi:
- rezident kompaniya 12 oygacha bepul ofis maydoni oladi;
- dastlabki xarajatlarni kamaytirish maqsadida “IT Park” hisobidan rezident kompaniyaga 15 oylik imtiyozli to‘lov muddati bilan ofisni texnik jihozlar va mebellar bilan jihozlashda yordam beriladi;
- “IT Park” O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan xodimlarni ishga yollash bilan bog‘liq xarajatlarning qisman qoplanishini kafolatlaydi. Har bir yollangan xodim uchun kompaniya $500 miqdorida pul kompensatsiyasi oladi;
- “IT Park” budjeti hisobidan O‘zbekiston xodimlariga ish haqini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarning 15%igacha qoplanadi.
Shuningdek, “IT Park” budjeti mablag‘lari hisobidan xodimlarni dastlabki tayyorlov kurslarida o‘qitish maqsadida rezident kompaniya tomonidan murabbiyni chaqirish va xizmat ko‘rsatish uchun sarflangan xarajatlarning 50%igacha qismi qoplanadi.
IT va BPO kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida batafsil bu yerdan bilib olish mumkin.