Jahon savdo tashkiloti bir nechta amaliyot dasturlariga arizalar qabul qilmoqda. Unda butun dunyodan nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.

Amaliyot asosan, magistratura va doktorantura talabalari uchun mo‘ljallangan hamda ishtirokchilar munosiblik mezoni, akademik malaka va tajriba asosida saralanadi.

Xususan, JST amaliyot dasturi (WTO Internship Programme) JSTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar magistrantlariga tashkilotda ishlash va tajriba orttirish imkonini beradi.

Amaliyot, tashkilot asosiy binosi joylashgan Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilib, asosan, JST va umumiy savdo siyosati haqidagi tushunchani oshirishga qaratilgan.

Biroq, moliya, inson resurslari, til xizmatlari, IT va aloqa kabi boshqa mutaxassislik sohalarida imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi.

Amaliyotchilar quyidagi sohalarda ishlashadi:

  • savdo qonuni;
  • iqtisodiyot;
  • statistika;
  • savdo siyosati;
  • tillar;
  • ma’muriy (xaridlar, moliya, inson resurslari);
  • axborot, kommunikatsiya va tashqi aloqalar;
  • axborotni boshqarish.

JST bo‘linmalari vazifasi haqidagi ma’lumotlar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Amaliyot davomiyligi maksimal 6 oyni tashkil etadi hamda qabul qilinganlarga kuniga $70 (tanlangan davrga to‘g‘ri keladigan dam olish kunlari va rasmiy bayramlar bilan birga) mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, Jenevaga borish va qaytish xarajatlari JST tomonidan qoplab berilmaydi. Shveysariyada tibbiy sug‘urta qoplamasi majburiy va amaliyotchilar tibbiy sug‘urta olishlari shart.

Dasturda JSTga a’zo davlat yoki qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarda qatnashayotgan mamlakat fuqarosi ishtirok etishi mumkin. (O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha muzokara olib bormoqda).

Nomzodlar tegishli soha bo‘yicha bakalavr darajasiga ega hamda magistraturaning kamida birinchi yilini tamomlagan bo‘lishlari kerak.

Bundan tashqari, 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar mazkur dasturda qatnasha oladi.

Nomzodlar o‘z arizalarini JST platformasi orqali topshirishlari kerak va faqat suhbat uchun tanlanganlarga xabar beriladi.

JST amaliyot dasturiga qabul qilish jarayoni doimiy ravishda amalga oshirilib, aniq bir qabul qilish muddati belgilanmagan.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Avvalroq “Apple” kompaniyasi amaliyot dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.