Rahbarlar faoliyati samaradorligini baholovchi avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati rahbari Sevara Zokirova ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, samaradorlik.uz axborot tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi. Tizimdan foydalanish uchun “OneID” kerak bo‘ladi.

Shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati sohasida inson resurslarini boshqarish” — hrm.argos.uz axborot tizimi joriy etilgan.

Mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan yuqori natijalarga erishgan nomzodlarni tanlab olish bo‘yicha zaxira.argos.uz manzilida maxsus platforma ishlab chiqildi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlariga ochiq tanlovlarni o‘tkazish yo‘nalishida vacancy.argos.uz portali orqali 68 ta vazirlik va idora hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi jami 149 102 ta vakant lavozimlarga 48,5 mingdan ortiq malakali nomzodlar ishga qabul qilingan.

Ilm.argos.uz masofaviy ta’lim portali ishga tushirilib, unda 466 dan ortiq videomateriallar, 240 dan ortiq elektron adabiyotlar joylashtirilgan, hozirda tizimda 64 521 nafar davlat xizmatchilari ro‘yxatdan o‘tgan.

Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun 8 ta kompetensiyani o‘z ichiga olgan bazaviy kompetensiyalar modeli ishlab chiqildi.

Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun shart-sharoitlar yaratish masalasida 8 ta kompleks o‘rganish va 558 ta monitoring o‘tkazildi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha 3828 ta qonunbuzilishlari aniqlangan.

Ko‘rilgan choralar natijasida 430 nafar xodimlarning mehnatiga haq to‘lashga oid buzilgan huquqlari tiklandi.

Shuningdek, 66 ta noqonuniy buyruqlar (ishga qabul qilish to‘g‘risidagi) bekor qilindi, 24 nafar aybdor shaxslar ma’muriy jarimaga tortildi, qonunbuzilish holatlari sabab 51 ta tanlov jarayonlari to‘xtatildi.


Avvalroq tadbirkor ayollar uchun “She’s Next” raqamli hamjamiyat platformasi ishga tushirilgandi.

Mazkur platforma Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlaridagi tadbirkor ayollar uchun mo‘ljallab yaratilgan.