Joriy yilning olti oyi davomida Farg‘ona viloyatida 3 549 ta holatda iste’molchilar tomonidan elektrdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Bu haqda “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” kompaniyasining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Natijada, mazkur holatlar bo‘yicha 18,6 mlrd so‘m miqdorida qayta hisob-kitob ishlari olib borilgan.

Shundan, aholi tomonidan 2 326 ta holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik aniqlanib, jami 5,7 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, ulgurji iste’molchilar tomonidan 1 223 ta holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanlik aniqlanib, umumiy hisobda 12,9 mlrd so‘mga qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilgan.

Eng ko‘p noqonuniy holatlar Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari, Beshariq, Buvayda, Bog‘dod hamda Uchko‘prik tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Aniqlangan qoidabuzarlik holatlari yuzasidan tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, vaqtincha elektr tarmog‘idan ajratilmoqda.

Joriy yilning mart oyida elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilangandi.

Bunda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish;
  • elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish;
  • hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish.

Mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Mazkur huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etganlarga BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.


Yil boshida Farg‘onada elektr energiyasiga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan ikkita noqonuniy mayning ferma aniqlangandi.