Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatida “Chevrolet Onix” avtomobillarini kichik hajmda yig‘ish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Qozog‘iston savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari Serik Jumangarin va Jamshid Xo‘jayev o‘rtasida muhokama olib borilgan.
Tomonlar qo‘shma yo‘l xaritalarining alohida loyihalari faol ilgari surilayotganini ta’kidlab, hamkorlik aloqalari samaradorligini oshirishda yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilishdi.
Bular qatorida mamlakatning Qo‘stanay viloyatida “Chevrolet Onix” avtomobillarini kichik hajmda yig‘ishni yo‘lga qo‘yish loyihasi ham bor.
Hozir uni amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda. Loyiha 2024-yilning birinchi choragida “SaryarkaAvtoProm” zavodi negizida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bu bo‘yicha shartnomalar tuzilib, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish sexlari uchun uskunalar ishlab chiqarilmoqda.
Qo‘stanoy shahrida avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 2022-yilning dekabr oyida kelishuv amalga oshirilgandi.
“UzAuto Motors” kompaniyasi Qozog‘iston Taraqqiyot banki bilan yiliga 30 ming dona “Chevrolet Onix” avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha kelishgandi.
Loyihani amalga oshirish uchun $50 mln.ga yaqin investitsiya jalb qilinishi belgilangandi.
Avvalroq “UzAuto Motors"ning Asakadagi zavodi 17-iyuldan to‘liq ishga tushishi ma’lum qilingandi.