Azada Nizamatdinova Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. U 2022-yili Janubiy Koreyaning GKS grantini qo‘lga kiritgan.
Hozirda Seul milliy universitetining “Education Administration” fakultetida bakalavr bosqichida tahsil olmoqda.
Azada “Spot” bilan suhbatda Koreya grantini qanday qo‘lga kiritgani, talabalar o‘qish davrida turli ishlarda ishlab, soatiga $9 dan kuniga $100 gacha ishlab topishlari mumkinligi, o‘zi tarjimonlik qilib qancha topishi hamda universitet taqdim etadigan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.
Nima uchun Koreya
Rostini aytsam, menda oldin xorijda o‘qish orzusi bo‘lmagan. Koreys tiliga ham qiziqmaganman. Bunga onam sababchi bo‘lgan deb o‘ylayman.
Chunki onam men o‘qigan maktabda informatika fanidan dars beradi. Ishi yuzasidan 2010-yili Koreyada tashkillashtirilgan almashinuv dasturida ishtirok etgan.
O‘sha vaqtda Koreyadan O‘zbekistonning har bir viloyati va Qoraqalpog‘istonning har bir maktabiga kompyuter uskunalari sovg‘a qilinadi va olib kelingan kompyuterlarni qanday o‘rnatish, qanday qo‘llash bo‘yicha taxminan 3 oy tajriba almashgandi.
Bu paytda men 3-sinf bo‘lganman va onamning Koreyadan olib kelgan kitoblari, tushgan rasmlari va koreys tilidagi yozuvlarni birinchi marta ko‘rib hayron qolganman. Chunki o‘sha yillar men bilgan til faqat qoraqalpoq, rus va o‘zbek tillari bo‘lgan. Iyeroglif nimaligini bilmaganim uchun ham qiziq tuyilgan.
Aslida matematika faniga qiziqardim. Maktabda 5-sinfdan 9-sinfimgacha matematikadan fan olimpiadasiga qatnashardim va matematika, iqtisodiyot yoki yuridik yo‘nalishlardan biriga o‘qishga topshirsam kerak deb o‘ylardim.
Ammo 9-sinfligimda olimpiyadada qatnashganimda sog‘lig‘im biroz yomonlashgani uchun hisoblarni chiqara olmay chiqqanman va past ball olganman.
Shu bilan, bu fanga qiziqishim butunlay yo‘qolgan. Sinfdoshlarimni hammasi qaysidir fanga allaqachon tayyorgarlikni boshlagan, men esa hali bir qarorga kelmagandim.
9-sinfni tamomlay degan vaqt, uyimni tartibga keltirayotgan paytimda bolaligimda ko‘rgan, onamning Koreyadan olib kelgan narsalarini ko‘rib qoldim. Koreys yozuvini ko‘zimga tushgach, xayolimdan bu tilni o‘rganib ko‘rsa qanday bo‘lar ekan, deb o‘tkazganman.
Shu bilan, Nukusdagi Koreys madaniyat markaziga borib, bu tilni o‘rgana boshlaganman. 10-sinfligimda uyimdagilar “Faqat koreys tiliga tayyorlanma, OTM uchun imtihonda tushadigan fanlarga tayyorlan”, deyishgan.
Dadamning xohishi bilan yana matematikaga tayyorlanadigan bo‘ldim va koreys tiliga ham ruxsat berishlarini so‘radim. Bor diqqatim koreys tilida edi.
Shunday qilib, koreys tili bo‘yicha TOPIK sertifikati uchun imtihon topshirib, 2-darajani olganman. Yozda esa matematikadan tayyorlanishni to‘xtatganman va ota-onamga chet elga grantlar borligi va TOPIKdan yuqori ball olsam grant yuta olishim mumkinligini aytganman.
O‘sha paytlari Nukusdagi tibbiyot institutida Koreyadan kelgan volontyorlar talabalarga haftasiga 2 marta bepul dars o‘tishardi.
Men maktab o‘quvchisi bo‘lsam ham ularga borib qiziqishimni aytganimdan keyin men bilan koreys tilida intervyu qilib, darsga olishgan. Shunday qilib, u yerda 2 yil o‘qiganman.
Maktabni tugatganimdan keyin oilamdagilar O‘zbekistondagi OTMlarga topshirib ko‘rishimni xohlashgan. Lekin men buni istamaganman.
Uyda bekor o‘tirib qolmaslik uchun 2019-yili Koreyaning “Hyundai” kompaniyasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan Taxiatosh IESda hujjatlar masalasi bo‘yicha ishga kirganman.
U yerda 2020-yilning mart oyida pandemiya boshlanguniga qadar ishlaganman. Sababi ishga qatnashim qiyin bo‘lgan. Pandemiya bo‘lganidan keyin esa hamma uyda, o‘sha imkoniyatdan foydalanib men ham uyda TOPIKga individual tayyorlanganman.
2021-yili sertifikat imtihoni uchun ro‘yxatdan o‘tganimda esa, karantin tufayli O‘zbekistonda TOPIK imtihonlari bekor qilindi. Shu bilan yana bir yilim o‘tib ketdi. O‘sha yili ham O‘zbekistondagi OTMga topshirmadim.
Keyinchalik TOPIKga topshirib ko‘rganimda eng yuqori 6-darajani olganman. Shundan Global Korean Scholarship (GKS)ga tayyorlanib boshlaganman.
Foto: Azada Nizamatdinovaning shaxsiy arxividan
Grantga hujjat topshirish
Grantga ariza topshirishda ko‘p hujjatlar kerak bo‘ladi. Ularga nimalar kirishini esa GKSning rasmiy saytidan ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, Koreys madaniyat markazining “Telegram” kanali yoki saytidan ham ma’lumot olish mumkin. Hujjatlarning barchasi ingliz yoki koreys tilida yozilishi kerak.
Asosiy hujjatlarga apostil qilingan attestat yoki kollej-litseyni tugatganingiz haqidagi diplom, xorijga chiqish pasporti kiradi. Shuningdek, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va ota-onangizning pasportini ham apostil qilishingiz kerak. Ular nimaga kerak deydigan bo‘lsangiz, ota-onangiz koreys emasligini isbotlab berish uchun zarur.
GKS grantiga ikki yo‘l bilan topshirish mumkin. Birinchisi, “Embassy Track”, ya’ni elchixona orqali. Bu juda qiyin, shunga qaramasdan, imkoniyatlari ham ko‘p.
U O‘zbekistondagi Koreya elchixonasi orqali amalga oshiriladi va mamlakat bo‘yicha faqat 2 ta odam qabul qilinadi. Eng foydali tomoni esa, siz uchta universitetga hujjat topshirishingiz mumkin. Ulardan ikkitasini Seuldan, qolgan uchinchisini esa boshqa tumandan tanlash imkoniyati mavjud.
Ikkinchisi, “University track” — universitetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujjat topshirish orqali amalga oshiriladi. Lekin Seuldagi universitetlarga emas, balki, boshqa tumandagi universitetlarga ariza topshirish mumkin. Chunki unga ko‘proq kvota ajratiladi.
Men 2022-yili hujjat topshirganman, “University track"da O‘zbekistondan 8 ta odam olinishi belgilangandi biroq 16 odam qabul qilingan. Qolaversa, ularda baholar ham juda yuqori bo‘lishi shart emas, 86−87% bo‘lsa yetarli.
Koreyada ayrim vaqtlari baholarga e’tibor qaratilmasligi mumkin. Ammo, grant yutmoqchi bo‘lsangiz 80% dan yuqori bo‘lishi kerak.
Ko‘pchilik IELTSdan yoki TOPIKdan yuqori ball olsam bo‘ladi deb o‘ylashadi. Bu juda ahamiyatli emas. Lekin ba’zi universitetlar bor, til darajasiga qarab ham grant ajratishadi.
Koreyada 400 dan ortiq universitet mavjud. Ularning 70%i xususiy universitetlar bo‘lgani sabab, hammasini yaxshi deb ayta olmaymiz. Raqobat ham kuchli emas. Bu yerga kelmasdan oldin hammasini yaxshilab o‘ylab, tanishib chiqishni maslahat bergan bo‘lardim.
“Univesity track"da hamma hujjatlar onlayn qabul qilinadi. “Embassy track"da esa, hujjatlarni bosma ravishda, asli va uchta nusxasi bilan Toshkentdagi Koreys markaziga topshirish kerak.
Nimalar kerak?
Ariza topshirishda oldin qo‘lga kiritgan turli yutuqlaringiz, diplom va sertifikatlaringizni tarjima qildirib solishingiz kerak. Men 9,10,11-sinfdagi diplom, sertifikatlarimni yuklaganman. Chunki ular juda ahamiyatli. Ba’zi paytlari ming TOPIKdan yuqori ballingiz bo‘lgani bilan, qo‘shimcha yutuqlaringiz, sizni ajratib ko‘rsatuvchi jihatlaringiz bo‘lmasa, qabul qilishmasliklari ham mumkin.
Hujjat topshirish jarayonida eng e’tibor beradigan narsa esa — ikkita insho. Birinchisi o‘zingiz haqingizda “Personal statement”, ya’ni unda tug‘ilganingizdan tortib, grantga topshirgungacha nimalar qilganingiz haqida yozilgan bo‘ladi. Bu orqali o‘zingizni ochib berishingiz kerak.
Ikkinchisi — “Study plan”, unda nima sabab Koreyani tanlaganingiz, u yerga kelgach nimalar qilishingiz, qaysi fanlarni o‘rganishingiz va avval eshitmagan darslaringiz haqida ham yozishingiz mumkin. Masalan, menga “O‘quvchilarning kreativ fikrlashini rivojlantirish va kreativ fikrlashini aniqlash” degan fanga qiziqish bildirganman.
Eng oxirida esa o‘qishni tugatgandan keyingi rejalar haqida yoziladi. Men magistraturani Koreyada o‘qish niyatim borligini bildirganman. Mazkur insholar asosida 6 ta eng yaxshi nomzodning hujjati saralab olinadi. Men hujjat topshirgan yili “Embassy track"ga taxminan 1000 dan ko‘proq odam topshirgandi.
Darvoqe, hujjat topshirishda tavsiyanoma ham so‘raladi. Men o‘zim o‘qigan maktab direktoridan olganman. Qiziq jihati unda yozilgan fikrlar o‘zingiz yozgan “personal statement” bilan bir xil bo‘lishi kerak. Chunki ular bir biridan farq qilsa, sizdan shubhalanishi mumkin.
Bundan tashqari, anketada sog‘liq haqida ham jadval to‘ldiriladi.
Foto: Azada Nizamatdinovaning shaxsiy arxividan
Hujjatlarni topshirganimizdan keyin uning javobi bir hafta o‘tib chiqqan va suhbat uchun Koreys madaniyat markaziga borganmiz. Uning javobini esa markazning Telegram-kanali yoki saytidan ko‘rishingiz mumkin.
Ko‘p odam GKSga ingliz tili bilan ham topshiradi. Ammo koreys tilini ham bilish zarur. Chunki suhbat vaqtida menga koreys va ingliz tillarida savollar berishgan. Uning davomiyligi 10−20 daqiqa oralig‘ida bo‘ladi.
Keyingi bosqich esa O‘zbekiston bo‘yicha saralab olingan ikkita nomzod hujjatlarini Koreyadagi xalqaro bilim berish markaziga jo‘natish bo‘ladi. Ular hujjatlaringizni ko‘rib chiqqanidan keyin ma’qul kelsa, siz tanlagan universitetlarga jo‘natadi.
Men tanlagan universitetlar qatorida, birinchi o‘rinda Seul milliy universitetini, undan keyingi o‘rinlarda esa Kyung Hey va Pusan universitetlarini tanlaganman.
Birinchi bo‘lib Kyung Hee universitetidan javob xati kelgan, Pusandagilar yozgan insholarimga ishonmadimi, o‘zlari 10 savol jo‘natib, 10 daqiqlik video jo‘natishimni so‘rashgandi. Shundan keyin esa ma’qul kelganimni aytishgan.
Oxirida esa Seul milliy universitetidan qabul qilinganim haqida xabar kelgan va men shu universitetni tanlaganman.
GKS granti haqida
GKS granti barcha xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Asosiysi, o‘qish to‘lovlaridan ozod etilasiz, to‘rt yillik kontrakt summasini qoplab beradi. O‘qish to‘lovlari har universitet va fakultetda har xili. Masalan, fakultetimizda bir semestr o‘qish to‘lovi $2 500 ni tashkil etadi.
Shuningdek, grant sug‘urta, borish-kelish aviachipta xarajatlarini ham qoplab beradi. Bakalavr darajasi uchun $800, magistratura uchun esa $1000 miqdorida oylik stipendiya ajratiladi.
Oldin grant yotoqxona bilan ta’minlagan bo‘lsa, hozir uni o‘z ichiga olmaydi.
Bundan tashqari, 2022-yili Koreyada va boshqa davlatlarda haligacha koronavirusga bog‘liq karantin davri bo‘lgani uchun biz birinchi kelgan vaqtimizda, 1 hafta davomida mehmonxonada bo‘lganmiz. Xarajatlarni albatta, grant qoplab bergan.
Viza olish jarayoni
Viza uchun harakatni noyabrda boshlaganmiz. O‘sha vaqtda ham tibbiy ko‘rikdan o‘tishimiz kerak bo‘lgan. Hujjatni esa onlayn jo‘natish mumkin.
Vizani turli agentliklardan olish mumkin. “University track” bilan topshirganlar agentliklar orqali o‘z hisobidan olishgan. Unga taxminan $100 sarflanadi. Lekin bizga Koreya madaniyat markazi orqali bepul berilgan.
Men Koreya universitetidan qabul xati va mamlakatning ta’lim vazirligidan taklifnomani kutib qolganman. O‘sha vaqtda O‘zbekiston Koreyadagi koronavirus xatarli bo‘lgan davlatlar qatorida bo‘lgani uchun bu biroz kechikkan.
Moslashish davri
Mamlakatda universitetimizga qarashli avtobuslarning bo‘lishi menga juda yoqqan. Men universitet yotoqxonasiga ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmaganim uchun hozirgacha ijarada yashayman.
Boshqa jihatdan qiyinchilik bo‘lmagan. Faqat darslarda qiynalganman. Sababi guruhimizda 13 talaba bo‘lsa, 12 tasi koreys, faqat mening bir o‘zim chet ellikman. Darslarda esa menga ko‘proq kursdoshlarim yordam berardi.
Bu yerga kelganda birinchi qilgan ishim sim-karta olish bo‘lgan. Sababi ID karta olishim uchun u kerak edi. O‘zbekiston pasporti bilan hech narsa qilib bo‘lmaydi. Ya’ni hujjatlar bilan bog‘liq ishlarni shu yerda olgan ID karta orqali amalga oshirish mumkin.
Lekin universitetimiz chet eldan kelganlar uchun o‘zlari tayyor qilib berishgan va 1 oyda olganmiz. Unga $40 to‘lanadi va muddati vizaning muddati bilan bir xil bo‘ladi.
Nimalar hayron qoldirgan?
Alohida farqli jihati, odamlar jamoat joylarida navbatga turishadi. Yoshi katta odam bo‘lsa ham yoshim katta birinchi o‘tib ketay deyishmaydi. Qoidalarga yaxshi amal qilishadi.
Bu yerda sotuvchisiz do‘konlar juda ko‘p. ular 24 soat davomida ishlaydi. Hech kim hech narsani o‘g‘irlamaydi. Hamma joyga kameralar o‘rnatilgan.
Yana meni hayron qoldirgan narsa — universitet maydonining kattaligi. Shu sabab ham '"Campus Map" dasturidan foydalanardim. Masalan,birinchi darsim 10-binoda bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchisi boshqa binoda bo‘lgani uchun, avtobusga chiqib borardim.
Piyoda yursa ham bo‘ladi.Lekin ko‘p vaqt yo‘qotasiz. Bepul avtobuslar ham bor, lekin ular vaqti-vaqti bilan yuradi. Pulliklari esa 1$ atrofida.
Shuningdek, bu yerda odamlar nisbatdan juda ko‘p kitob o‘qishadi. Kino, teatrlarga borishadi. Teatr chiptalarining eng arzoni esa taxminan $50, eng qimmati esa $150. Men muzeyga borishni yoqtiraman, har oy ko‘rgazmalarga borib turaman.
Yashash xarajatlari
Koreyada yotoqxonada turish, kvartirada turishga qaraganda arzonroq. Chunki, yotoqxonada bir semestrga taxminan $400−500 atrofida to‘lanadi. Men kvartiramga oyiga $450 to‘layman. Bu kommunal to‘lovlarim bilan birga $500 ga boradi.
Seulda kvartiralar ancha qimmat. Lekin boshqa tumanlardan $450 ga 2−3 xonali uylarni topish mumkin. Yana depozit ham berish kerak. Men masalan, unga $100 to‘laganman.
Oladigan stipendiyamning $500i kvartiramga, $70i sug‘urtaga va qolgan $350ining hammasini oziq-ovqatga sarflayman.
Bu yerda ovqatlanish narxlari bizga nisbatan ancha qimmat. Men ko‘proq mevalarni xarid qilaman. Ularning noni biznikidan farq qiladi. Hamma narsaga hattoki noniga ham shakar qo‘shishadi.
Koreyada mol go‘shti juda qimmat. Cho‘chqa go‘shti esa arzon bo‘lgani uchun ko‘proq shundan foydalanishadi.
Universitetda $3−5 lik ovqatlar ham bor. Hatto $1 ga ham ovqat olish mumkin, faqat uzoq vaqt navbatda turishingizga to‘g‘ri keladi.
Universitet haqida
Bizni universitetimiz kichik shaharchaga o‘xshaydi. U yerda talabalar uchun hamma qulayliklar bor. Masalan, muzey, 24 soat davomida ishlaydigan do‘konlar, fitnes zali, basseyn, dush, ijaraga beriladigan velosipedlar va boshqa shu kabi narsalar bor.
Yana bir meni ajablantirgan tomoni u yerda kitob o‘qiydiganlar va notebookdan foydalanadiganlarning joyi alohida. Chunki notebookdan foydalanganda uni ovozi chiqib, boshqalarga xalaqit berishi mumkin.
Foto: Azada Nizamatdinovaning shaxsiy arxividan
Universitetimizning har bir fakultetida faqat talabalar foydalanishi uchun alohida xona ajratilgan. Unda kompyuter, printer, choy uchun tefal, ovqat uchun gaz plitasi, uxlash uchun esa krovat, hatto yostiq va yopinchiqqacha bor. Talabalar shu yerda tunab qolishlari ham mumkin.
Bu yerda talaba o‘zi xohlagan kiyimini kiyishi mumkin, shunga qaramasdan kiyim do‘konlarda universitet formalari sotiladi.
Men “Education Administration” fakultetida tahsil olaman. Ya’ni ta’limni hukumatda boshqarish, maktablarni boshqarish fakulteti desa ham bo‘ladi. Ta’lim sistemasi qanday yaratiladi, darslarni qanday o‘tish kerak — shu narsalarni o‘rganamiz. Bu yo‘nalish hamma universitetda ham yo‘q.
Eng yaxshi tomoni bu yerda talabalar darslarni o‘zlari tanlaydi. Birinchi semestrda bizga kredit beriladi unda siz xohlaganingizcha darslarni tanlashingiz mumkin.
Ammo vazifalari ko‘p. Yaxshi tomoni darslarga har kuni borish shart emas.
Bu yerda ta’lim yili to‘rt yil bo‘lsa, shu vaqtda tugatadi degan narsa yo‘q. Masalan, bu yerda 7 yildan beri o‘qiyotgan talabalar ham bor. Men qo‘lga kiritgan grant esa 4 yilga ajratilgani uchun o‘qishni shu vaqt ichida tugatishimiz zarur.
Ular fikr so‘raganida yaxshi yozgansiz deb yozsangiz ular uncha xush ko‘rmaydi.Yangi g‘oyalarni aytish kerak.
Dars jarayoni. Bu yerdagi tizim biznikidan umuman farq qiladi. Darslarda professorlarga nisbatan talabalar ko‘proq gapirishadi. Vazifalar ham ko‘p.
Talabalar ko‘pincha planshetdan foydalanishadi. Chunki bu juda qulay. Ustozlarimiz kitob mutoala qilib, shu asosida tanqidiy maqola yozishimizni so‘rashadi.
Imtihonlar asosan, yozma tarzda bo‘lib, hech narsadan foydalanish mumkin emas. Test va insho yozish, ba’zan taqdimot qilish ham mumkin.
Shuningdek, imtihonlar “Open book” va “Cheating paper” bo‘lib ikkiga bo‘linadi. “Open book"da ko‘p kitob o‘qilgan darslar bo‘lsa, shundan foydalanish mumkin.
“Cheating paper"da esa “shpargalka"dan foydalanish mumkin. Ya’ni o‘rgangan narsalaringizni yozib kelsangiz bo‘ladi.
Uchinchi variantda esa hech narsa foydalana olmaysiz. Imtihonlarning qaysi formatda o‘tishini professor hal qiladi.
Xorijliklar uchun qanday yengilliklar mavjud?
Davlat universitetlarida xususiy universitetlarga qaraganda xorijlik talabalar uchun unchalik yengillik ko‘p emas. Chunki, xususiy universitetlarga katta kompaniyalar homiylik qiladi.
Bizning universitet reytingi bo‘yicha yuqori hamda “Samsung”, “LG” hamda Hyundai" kabi yirik kompaniyalar homiylik qilishgani uchun chet elliklarga beriladigan grantlar bor.
Shuningdek, koreys tilidan 5−6 darajadagi til sertifikatga ega bo‘lsangiz, oyiga $100 dan qo‘shimcha stipendiya ajratiladi va baholarga qarab bu ko‘payib boraveradi.
Bu yerda koreyslar uchun juda ko‘p yengilliklar mavjud. Masalan, ular oilada 3 ta farzand bo‘lsa kontrakt to‘lashmaydi. Yana qo‘shimcha pul ham ajratiladi. Sababi Koreyada tug‘ish ko‘rsatkichi juda ham kam.
Talabalar ishlashi mumkinmi?
Avvallari talabalarga haftada 25 soatgacha ishlashiga ruxsat bor edi. Yaqinda chiqqan qarordan keyin esa 30 soatgacha oshirildi. Ammo GKS bilan kelganlar haftasiga buncha soat ishlay olishmaydi. Sababi bizga 15 soatgacha ruxsat berilgan.
Talabalar do‘konlarda sotuvchi yoki restoranlarda ofitsiant bo‘lib ishlashlari mumkin. Yigitlar qurilishda ishlab, soatiga $9 dan kuniga $100 gacha ishlab topishlari mumkin.
Agarda talaba til bilsa, bu uning uchun juda ko‘p imkoniyatlar mavjud degani. Men stipendiya olganim uchun tarjimon bo‘lib ishlashim yoki dars berishim mumkin.
Tarjimonlikda ba’zan boshqalar ertalabdan kechgacha ishlab topgan pulni bir soatda topish ham mumkin. Masalan, menga bitta biznes forumda soatiga $150 to‘lashgan, natijada 4 soatda $450 ishlab topganman.
Bunday joylarda qiyin terminlar juda ko‘p ishlatiladi. Shu sabab ham oldindan tayyorlanib borish kerak.
Men ko‘proq dam olish paytlari universitetimiz shifoxonasida tarjimonlik qilaman. Shifoxonamiz ham Seul bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. U yerda tarjimon asosan, operatsiyadan oldin va undan keyin shifokor bilan gaplashish uchun kerak.
Foto: Azada Nizamatdinovaning shaxsiy arxividan
Men O‘zbekistondan kelgan bemorlar uchun tarjimonlik qilaman. Va buning uchun menga $20 dan $30 gacha to‘lashadi.