Hukumatning 2023-yil 27-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “2023-yil uchun Statistika dasturi"da belgilangan muddatda “Minimal iste’mol xarajatlari” qiymati hisoblandi, deya xabar bermoqda Statistika agentligi.
2022-yil (yillik) inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, 2023-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 568 ming so‘mni tashkil etdi.
Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
- mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
- kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
- pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda yil minimal iste’mol xarajatlari qiymati 498 ming so‘m etib belgilangandi. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 440 ming so‘mni tashkil etgan.