Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi “World Halal Trust Group” va “Halol “MAIB” xalqaro sertifikatlashtirish markazi bilan Halol turizm sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha tomonlar memorandum imzolab, unda ikki tomonlama aloqalarni o‘zaro manfaatlilik, teng huquqlilik, ishonch, tushunish kabi asoslarda tashkil etish qayd etilgan.
Shuningdek, halol turizmni rivojlantirishda ma’naviy va tijoriy maqsadga muvofiqlik samaradorligi asosida mustahkamlash, qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, davlatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishida axloqiy me’yorlar va qoidalarning ahamiyati va muhimligini e’tiborga olish nazarda tutilgan.
Memorandumga ko‘ra tomonlar Halol turizm, shu jumladan turizm xizmatlarini “Halol” sertifikatlash masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni xalqaro, milliy, mintaqaviy darajalarda o‘tkazish usullarini ishlab chiqishda ishtirok etishlari belgilangan.
Bundan tashqari ular kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘shma dasturlarni tashkil etishlari, OIC/SMIIC 9:2019 “Halol turizm xizmatlari. Umumiy talablar” standarti talablariga muvofiqligiga mehmonxona xizmatlarini sertifikatlash bo‘yicha birgalikda ishlarni amalga oshirishlari mumkin.
“World Halal Trust Group” kompaniyalar guruhining missiyasi yuqori sifatli Halol sertifikatlash xizmatlarini taqdim etishga va yangi bozorlarni ochish qaratilgan.
Guruh halol sertifikatlash xizmatlarini quyidagi standartlarga muvofiq olib boradi:
- GSO 2055−1:2015 (Ko‘rfaz mamlakatlari);
- MS 1500:2019 (Malayziya, Singapur, Indoneziya);
- WHT.G:2022 (Yevropa, Osiyo, MDH davlatlari, Amerika, Afrika);
- OIC/SMIIC 1:2019 (Turkiya, Pokiston, O‘rta Osiyo mamlakatlari va boshqa maxsus talablarga ega davlatlar).
Mart oyida prezident ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda mamlakat turizmini rivojlantirish bo‘yicha muhim topshiriq va vazifalar belgilangandi.