Hisob palatasining faoliyatini yaxshilash maqsadida davlat rahbari ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tegishli qonunni imzoladi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish bilan Hisob palatasiga oz miqdorda talon-toroj qilinganligi va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati berildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat moliyaviy nazorati organlari esa oz miqdorda talon-toroj qilinganligi uchun ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish imkoniyati berildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Hisob palatasi moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
Shu bilan birga, nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ularning bartaraf etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakunlariga ko‘ra, chorakdan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
Davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bundan mustasno ekanligi qayd etilgan.
Shuningdek, palata har chorakda kamida bir marta o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik oldida OAV vakillari ishtirokida hisobot berib boradi.
Hisob palatasi qonunchilik tashabbusi huquqlariga qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritishga haqliligi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Avvalroq “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, Raqobat qo‘mitasi hamda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yengillik berilishi ma’lum qilingandi.