Misrning “Nile Sugar” kompaniyasi O‘zbekistonda investitsiyon loyihalarga sarmoya kiritmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri ma’lum qildi.

Xususan, O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misrning shakar ishlab chiqaruvchi korxonasi ijrochi direktori Emad Farid bilan uchrashdi.

Tomonlar Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarishning to‘liq sikli loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun viloyat hududidan 52 ming gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati $500 mlnni tashkil etishi ta’kidlanmoqda.

Kompaniya ajratilishi belgilsngsn yerlar unumdorligini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Uchrashuvda kompaniyaning ijrochi direktori mazkur loyihani amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Nile Sugar” kompaniyasi 2006-yilda misrlik milliarder Savirislar oilasi tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Korxonaning shakar zavodi Iskandariya portidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, 2010-yilda foydalanishga topshirilgan. Lavlagini qayta ishlash bo‘yicha nominal ishlab chiqarish quvvati kuniga 7,5−11 ming tonnani tashkil etadi.


May oyida Misrning “Orascom Investment Holding” kompaniyasi O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarga $1,2 mlrddan ortiq sarmoya kiritishi ma’lum qilingandi.