Joriyi yilning 1-mayidan “President Tech Award” startap tanloviga arizalar qabuli boshlangandi.

Tanlovning 5 ta asosiy yo‘nalishi uchun arizalar qabuli yakunlandi, deya xabar berdi “IT Park” matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tanlovga ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar soni rekord daraja — 4000 dan oshgan.

Hududlar bo‘yicha esa Toshkent yetakchilik qilmoqda hamda jami arizalar sonining 33%ini egallaydi.

Undan keyingi o‘rinlarda esa Toshkent (9,3%) hamda Farg‘ona (8,2%) viloyatlari turibdi.

Shuningdek, Qashqadaryo 7,5%ni, Samarqand 6,5%ni, Buxoro 5,5%ni, Andijon 5,4%ni va boshqa mintaqalar 24,6%ni tashkil etgan.

Ishtirokchilar 12,2% ayollar bo‘lsa, qolgan 87,8% erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning o‘rtacha yoshi 21,7 yoshni tashkil etdi.

Shuningdek, tanlov doirasida maxsus yo‘nalish — Xakaton uchun ham arizalar qabul qilinib, jami 150 dan oshga. Mazkur yo‘nalishga arizalarni sentabrgacha jo‘natish mumkin.

G‘oliblarni taqdirlash

Tanlov asosiy va maxsus yo‘nalishlarga bo‘linib, umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mln.ni tashkil etadi.

Asosiy yo‘nalishning har bir toifasi bo‘yicha sovrin jamg‘armasi quyidagicha taqsimlanadi:

  • 1-o‘rin — $100 000;
  • 2-o‘rin — $50 000;
  • 3-o‘rin — $30 000.

Xakatonda faqat bitta g‘olib jamoa aniqlanadi va pul mukofoti — $100 ming ajratiladi.

Shundan so‘ng, KPI tizimi joriy etiladi va natijalariga ko‘ra 25% miqdorida 2 va 3-transhlar beriladi. Foizlar bir yil ichida to‘lanadi.

Agar jamoa ma’lum natijalarga erisha olmasa va o‘sish kuzatilmasa, keyingi transhlar to‘lanmaydi, chunki tanlov loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan, ya’ni loyihalar va ularni tadbiq etish moliyalashtiriladi.

Tanlov bosqichlari

Oldinda tanlovning quyidagi bosqichlari o‘tkaziladi:

  • dastlabki saralash — 25-iyulgacha;
  • “Bootcamp” — ekspertlar bilan seminar, master-klass va networking-uchrashuvlar — avgust oyida;
  • tanlangan loyihalarni onlayn baholash — 5-sentabrdan 5-oktabrgacha;
  • oflayn baholash (Demo Day) va xakaton — 5−10-noyabrgacha;
  • g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash — 20-noyabrdan 25-dekabrgacha.

“Bootcamp” “President Tech Award” tanlovining muhim qismi bo‘lib, ishtirokchilarga o‘z loyiha g‘oyalarini ishlab chiqish hamda kengaytirish uchun platforma taqdim etadi.

Tadbir yangi aloqalar o‘rnatish, startap sohasida mutaxassislar, murabbiylar va muvaffaqiyatli tadbirkorlardan bilim va yordam olish imkonini beradi.

Shuningdek, u loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam bera oladigan mentor va startaplarning muvaffaqiyatli asoschilari bilan tanishishni o‘z ichiga oladi.

Tadbir 7−19-avgust kunlari Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Loyihalarni baholash jarayoni

Tanlovning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar ommaviy ovoz berish yo‘li bilan, xakaton (maxsus yo‘nalish) g‘oliblari esa mustaqil kompaniya tomonidan aniqlanadi.

Ya’ni barcha baholash jarayoni tender orqali tanlab olinadigan maxsus mustaqil kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.

U startaplar, venchur fondlari bilan ishlash, biznesni rivojlantirish, texnik jarayon, IT sohasida ishlash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Kompaniya startap-sanoat bilan bog‘liq bo‘lgan turli soha mutaxassislari va ekspertlarni jalb etib, hakamlar loyihalarni xolis va adolatli baholashini ta’minlaydi. Ovoz berish ham portalda bo‘lib o‘tadi.

Birinchi bosqich onlayn tarzda, jamoalar ishtirokisiz, faqat to‘ldirilgan arizalar asosida o‘tkaziladi.

Har bir asosiy yo‘nalish bo‘yicha 10 ta eng yaxshi loyiha aniqlanib olinadi.

Jami 50 ta loyiha keyingi bosqich — “Demo Day"ga o‘tadi va unda jamoalar o‘z loyihalarini bir necha kun davomida mutaxassislarga oflayn tarzda taqdim etishadi.

“Demo Day"da maxsus yo‘nalish — xakaton o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunda ishtirokchilar 72 soat ichida ma’lum muammoni yechishga qaratilgan mahsulotni ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi.

Tanlov ishtirokchilariga bir vaqtning o‘zida asosiy yo‘nalishlardan birida va xakatonda ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Startap loyihalarini baholash bosqichida “Google” va “MasterCard”, shuningdek Geongbuk Technopark va KOICA tomonidan amalga oshirilishi qayd etilgan.

Asosiy yo‘nalishlar quyidagicha:

  • sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar;
  • ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar;
  • axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi texnologiyalar;
  • tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
  • kompyuter va mobil o‘yinlar.

Startap tanlovga arizalar maxsus platforma orqali qabul qilindi. Hozir faqat xakaton uchun ariza jo‘natish mumkin.


Avvalroq “Inno Texnopark” startap akselerator dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.