Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan joriy yilning birinchi yarmi uchun “Banklar faollik indeksi” hisoblandi va unga asosan banklarning reytingi yangilandi. Bu haqda markaz “Spot"ga ma’lum qildi.
Mazkur indeks mamlakatdagi 29 ta tijorat banklari uchun, banklarning hajmiga qarab katta (17 ta) va kichik (12 ta) banklarga guruhlangan holda hisoblangan.
Indeks 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlashtirish, solishtirish va reytinglash asosida aniqlanadi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, davlat aksiyalariga ega bo‘lgan yirik banklar orasida atigi 4 ta yirik bank: “Aloqabank”, “Mikrokreditbank”, “Milliy Bank” va “Asakabank” reytingda pastlagan
Xususiy banklar orasida “Asia Alliance Bank”, “Ziraat Bank”, “Madad Invest Bank” va “Ravnaqbank o‘z pozitsiyalarini yo‘qotgan.
Banklarning asosiy ko‘rsatkichlari
2023-yil 1-iyun holatiga, respublika bank tizimining aktivlari 572 trln so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 16%ga ko‘p.
Majburiyatlar 16%ga o‘sib, 487 trln so‘mni, kreditlar qoldig‘i 22%ga o‘sib, 420 trln so‘mni, depozitlar qoldig‘i 18%ga o‘sib, 205 trln so‘mni tashkil etdi.
Bank tizimi aktivlarning 77%i, kredit portfelining 81%i, shuningdek, bank tizimidagi depozitlarning 60%i 11 ta davlat ulushi mavjud banklar hissasiga, qolgan qismi 23 ta xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, kredit qo‘yilmalarining depozitlarga nisbati davlat banklarida 275%ni, boshqa banklarda ushbu ko‘rsatkich 99%ni tashkil qilgan.
Qaysi banklar yetakchi
Yirik banklar reytingida kapitalning yetarliligi bo‘yicha o‘z o‘rni biroz yo‘qotganiga qaramay, “Kapitalbank” likvidlik reytingini bir vaqtning o‘zida 4 pog‘onaga oshirib, yirik banklar orasida ishonchli yetakchiga aylandi.
“Hamkorbank” umumiy reytingda ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu bank bir pog‘onaga ko‘tarilib, “Asia Alliance Bank” bilan o‘zaro almashishgan.
17 ta yirik bank orasida yana to‘rtta bank — “Invest Finans bank”, “Xalq banki”, “Qishloq qurilish bank” hamda “Turon bank” o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan bo‘lsa, keyingi to‘rtta bank reytingdagi o‘rnini yo‘qotdi — bular “Aloqabank”, “Mikrokreditbank”, “Milliy bank” va “Asakabank”. Qolgan banklar o‘z o‘rinlarini saqlab qolishdi.
Kichik banklar reytingida “Davr bank” va “Universal bank” o‘zlarining yetakchi o‘rinlarini saqlab qoldi. “TBC bank ushbu chorakda ham reytingda 1 pog‘onaga ko‘tarilib, Ziraat bank bilan o‘zaro o‘rin almashishdi.
TBC bankning aktivlar sifati ko‘rsatkichlari pasaygan bo‘lsa-da, kapitalning rentabelligi ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi, shuningdek, potentsial rentabellik uning umumiy reytingdagi o‘rnini oshirishga olib keldi.
Shuningdek, “PoytaxtBank va “KDB” bank reytingda 1 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa, “Madad invest bank” va “Ravnaq bank” 1 pog‘onaga pasaydi.
Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan joriy yilning birinchi choragi uchun “Banklar faollik indeksi” e’lon qilingandi.