Transafg‘on temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” delegatsiyasi Pokiston va Afg‘oniston temir yo‘l ma’muriyatlari bilan muhokama olib bordi.

Tomonlar loyihaning turli jihatlarini, jumladan, moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqishdi.

Transafg‘on temir yo‘l liniyasi loyihasi mintaqada transport hamkorligi va rivojlanishi kengaytirishga qaratilgan.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish natijasida savdo munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish belgilangan.

May oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.

Ofis loyihani texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish va uning amaliy bajarilishini tezlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi raisi B.Sharafat loyihani amalga oshirishda Rossiya va Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo mamlakatlariga millionlab tonna tabiiy resurslar va boshqa tovarlarni tashish imkoniyati yaratilishini qayd etgandi.


2021-yilning boshida “Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor” temir yo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi temiryo‘l loyihasi $4,8 mlrd, deya baholandi.

2022-yilning boshida mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. Bundan oldin esa Oʻzbekiston shu yil bahorida Kobuldan Peshovarga temir yoʻl qurilishini boshlashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.

Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilda amalga oshirilishi ma’lum qilingan.