Iyun oyida Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga eksport qilish to‘rtinchi chorakda boshlanishi ma’lum qilingandi. Bu bo‘yicha Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida shartnoma imzolanib, yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Gaz oldi-sotdisiga oid shartnoma “UzGastrade” va “Gazprom eksport” oʻrtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, joriy yilning 1-oktabridan kuniga 9 mln kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometrni tashkil etishi ta’kidlangandi.

Qozog‘istonning “QazaqGaz” kompaniyasi oktabr oyidan O‘zbekistonga Rossiya gazini tashishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.

“QazaqGaz” boshqaruvi raisi Sanjar Jarkeshov Rossiya tabiiy gazini O‘zbekistonga tranzit qilish uchun mo‘ljallangan infratuzilmani tekshirish maqsadida Qozog‘istonning Atirau viloyatiga tashrif buyurgan.

“Milliy kompaniya rahbari Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tashish bo‘yicha „Markaziy Osiyo — Markaz“ gaz quvurining Qozog‘iston qismidagi tayyorgarlik ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi”, — deyiladi “Kazinform” agentligiga tayanib.

Bundan tashqari, Qozog‘iston kompaniyasi barcha texnik tadbirlar tasdiqlangan jadvalga muvofiq to‘liq hajmda bajarilganini ma’lum qildi.


Uch tomonlama hamkorlik

2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.

Aprel oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Rossiyadan O‘zbekistonga gaz “Markaziy Osiyo-Markaz” gaz quvuri orqali yetkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

May oyida Qozog‘iston hukumati Rossiya gazining o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish masalasini muhokama qilayotgani xabar qilindi.