2022-yilda O‘zbekistonning Gruziya portlari orqali yuk tashuvlari hajmi 72%ga oshdi, deya ma’lum qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Levan Davitashvili o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat bilan transport sohasida o‘zaro hamkorlik qilish belgilanmoqda. Xususan, memorandum Gruziya dengiz portlarida dengiz terminali, omborxonalarni qurish hamda uzoq muddatli lizingga olishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik, avtomobil transportida tashuvlarni rivojlantirish hamda transport va infratuzilma yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, innovatsiyalarni qo‘llash ko‘zda tutilgan.
O‘tgan yili O‘zbekiston Gruziyaning Poti hamda Batumi portlari orqali yuk tashuvlari hajmini 72%ga oshirdi.
Unga ko‘ra, eksport-imkort yuk tashuvlari hajmi 2021-yilgi 503 ming tonnadan 864 ming tonnaga yetgan.
Avvalroq O‘zbekiston Gruziyaning Poti portida logistika markazi tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi “Poti erkin iqtisodiy zonasi” bilan bu bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi.