Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi davomida “JAC Motors” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar mazkur kompaniya ishlab chiqarayotgan benzinda harakatlanuvchi avtomobillar yoki elektromobillarni Qarshi shahrida ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Hozirda viloyatda yengil avtomobil ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari tomonidan Qarshi shahrida ana’naviy yoki elektrda harakatlanadigan avtotransport vositalarini ishlab chiqarish topshirig‘i berilgan.

Kompaniya rahbariyati tez orada Qarshi shahriga kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, energiya tejovchi, boshqarishga qulay va aqlli mashinalarni ishlab chiqarishni joriy etish bo‘yicha muzokaralar davom ettirilib, tashrif davomida yana 2 ta yirik avto ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.

JAC Motors” (Anhui Jianghuai Automobile Co.) kompaniyasi 1964-yilda “Hefei Jianghuai” avtomobil zavodi sifatida tashkil etilgan. 1997-yilda hozirgi nomiga o‘zgartirilgan.

Kompaniya Xitoyning avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Unda ishlab chiqarilgan avtomobillar jahonning 60 dan ortiq davlatlarida eksport qilinadi.


Avvalroq Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida $16 mln.lik investitsiya loyihalarini amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.