Joriy yilning iyun oyida anomal issiq ta’sirida O‘zbekistonda elektr iste’moli hajmi bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Xususan, 13-iyun kuni mamlakatda jami 231,7 mln kVt/soat elektr energiyasi sarflangan. Undan keyin, 16-iyun kuni bu ko‘rsatkich 242,6 mln kVt/soatni qayd etdi.

Toshkentda elektr energiyasida tez-tez uzilishlar kuzatilmoqda. Poytaxtning ayrim tumanlaridagi hududlarda rejaviy o‘chirilishlar haqida har kuni ma’lum qilib borilmoqda.

“Hududiy elektr tarmoqlari” avariyaviy holatlarning oldini olish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatilayotganini qayd etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi holatlar yuzasidan turli mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram-kanalida Toshkentning elektr energiyasi tarmog‘ida kuzatilayotgan uzilishlarni tanqidga oldi.

Iqtisodchi poytaxtning ayrim hududlarida ta’mirlash ishlari olib borilishi sabab takroriy elektr energiyasi o‘chirilishini “kelasi safar yana ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun „svet“ o‘chirilishi mumkun emas yoki bu qator yoqimsiz savollarni uyg‘otadi” deya ta’kidlagan.

Uning fikricha, agar elektr o‘chirilayotgan mahallalar jadvalga solinsa, elektrning o’chish davriyligi tumanlar va mahallalar kesimida taqsimlanishini ko‘rish mumkin.

“Hududiy elektr tarmoqlari” mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, bu ishlar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini xavfsiz bajarish maqsadida olib borilayotganligini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, bitta hududda bir necha marotaba rejaviy o’chirishlarning sababi ish ko’lamining kattaligi va mazkur jarayonlarni yakunlash uchun aholini uzoq vaqt elektr tarmog‘idan ajratmasdan ma’lum vaqt oralig‘ida bajarish maqsadida olib borilmoqda.

Kompaniya rahbariyati va mutasaddilari iqtisodchi uchun poytaxt tumanlarida olib borilayotgan ishlar hamda rejaviy uzilishlar sabablari haqida batafsil ma’lumot berishga tayyorligini ma’lum qilgan.


Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari"ga elektr tarmoqlarini mukammal ta’mirlash uchun 150 mlrd so‘m budjet ssudasi ajratilishi ma’lum qilingandi.

Mablag‘lar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yo‘naltirilib, 2 yil muddatga yillik 5% stavkada beriladi.