Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.

Prezident o‘z nutqida bugungi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

Ayni paytda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaralmoqda.

Mintaqalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni bir qator yo‘nalishlarda kengaytirish taklif etilib, davlat rahbari beshta yo‘nalish bo‘yicha amalaga oshirish kerak bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surdi.


Birinchi yo‘nalish. O‘zbekiston rahbari siyosiy sohada keng qamrovli hamkorlikni turli formatlarda rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Ko‘p tomonlama Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik Bitimini ishlab chiqish masalasini o‘rganish taklif etildi.

Ikkinchi yo‘nalish — yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi innovatsiyalar, “sun'iy” intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xo‘jaligi”, nano- va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratish zarurligini qayd etdi.

Biznes vakillari ishtirokida Qo‘shma investorlar kengashini ta’sis etish va uning dastlabki yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

“Mintaqamizda Ko‘rfazdagi hamkorlar tomonidan tashkil etilgan investitsiya fondlarining salohiyatidan samarali foydalanish va yetakchi banklar faoliyatini kengaytirishdan manfaatdormiz”, — dedi prezident.

Shuningdek, “yashil” energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida alohida “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish muhimligi bildirildi.

Uchinchi yo‘nalish savdo va transport bog‘liqligini kuchaytirishdan iborat. Davlat rahbari Ko‘rfaz davlatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarbligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan ko‘p tomonlama Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ishlab chiqish taklif etildi.

Transport va tranzit sohasida O‘rta transport koridorida eng maqbul tariflarni qo‘llash, Afg‘oniston orqali mavjud multimodal yo‘laklardan keng foydalanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida ko‘paytirish taklifi bildirildi.

Davlat rahbari hamkorlarni Ko‘rfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yo‘l orqali mintaqamiz bilan bog‘laydigan Trans-Afg‘on temir yo‘lini qurish strategik loyihasida faol ishtirok etishga chaqirdi.

To‘rtinchi yo‘nalish — ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari. O‘zbekistonda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Beshinchi yo‘nalish — turizm sohasi. “Ko‘rfaz — Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qo‘shma turistik mahsulotlarni ko‘paytirish hamda 2024-yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb e’lon qilingan Xiva shahrida mintaqalar yetakchi sayyohlik operatorlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashish masalasiga alohida to‘xtaldi.

Bundan tashqari, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash sohasida, shuningdek, bunday tahdidlarning internet va vositalar orqali tarqalishidan yoshlarni himoya qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Prezident Afg‘onistonda tinchlikka erishish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Sammit ishtirokchilari O‘zbekistonning “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvni Samarqand shahrida o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlashdi.


Prezidentning Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan 20%ga, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga oshgani ta’kidlangandi.