“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun bilan davlat xizmatchilariga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taqiqlangandi.

Shuningdek, ular biznesning muassisi bo‘lishi, o‘zi xizmat qilayotgan davlat organi nazoratidagi tashkilotlardagi ulushlarni, aksiyalarni sotib olishlari mumkin emas.

Shunga qaramay, bu borada qonunbuzilish holatlari kuzatilmoqda, deya xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilib, 6 nafar rahbar mansabdorning tadbirkorlik kompaniyalarining ta’sischilari ekanligi aniqlandi.

Ular orasida 3 ta tuman-shahar hokimi, 1 ta agentlik, 1 ta unitar korxona va 1 ta qo‘mita rahbari bor.

Xususan:

  • Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov — “Total Oil”;
  • “Axborotlashtirish Bosh markazi” DUK rahbari Dilshod Sarixodjayev — “Musammo” MChJ;
  • Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sanobarxon Nosirova — “Sabina Issiq Nonlari 777” va “Ko‘mir Sanoati” MChJlar;
  • Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi Ulug‘bek Fayziyev — “Zarafshan Golden Grup” va “Zarafshon Grand Invest” MChJlar, “G‘ani Bobo Chorvasi” fermer xo‘jaligi;
  • Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov — “Sanico Grup” va “Uv-Maks” MChJlar;
  • Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Bahrom Sharipov — “Karomat Oyijon-Surxon” fermer xo‘jaligida ta’sischisi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning yuqori turuvchi idoralariga agentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilgan.

Shu bilan birga, yuqoridagi manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga barham berilishi ya’ni mansabdor shaxslarning tadbirkorlik faoliyati tugatilish choralari ko‘rilmoqda.


Avvalroq toifalarga ajratilgan hududlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilishi ma’lum qilingandi.