Joriy yilning mart oyida “Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasi” tanlovi o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiya uchun hujjatlar qabuli boshlanganini ma’lum qildi.
Unda vazirlik tizimidagi quyidagi OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1−2−3 bosqichni tamomlagan talabalari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi:
- Toshkent shahridagi Inha universiteti;
- Toshkent shahridagi Amiti universiteti;
- “IT Park” University raqamli universiteti.
Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, uning filiallari, litsey, texnikumi talabalari va o‘quvchilari ham ariza jo‘natish imkoniyatiga ega.
Nomzodlarni quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
- xorijiy tillarni bilish darajasi (B1,B2,C1);
- xalqaro IT-sertifikat mavjudligi;
- hakaton yoki IT-tanlovlarda ishtiroki;
- ilmiy-ijodiy va innovatsion ishlari mavjudligi;
- o‘zlashtirish darajasi (GPA).
Bunda ikki semestr GPA balli 76% va undan yuqori bo‘lishi kerak.
Texnikum va litseylar o‘quvchilari uchun o‘quv yili yakuniga ko‘ra, fanlardan olgan baholari “a'lo” va “yaxshi” bo‘lishi lozim.
G‘olibi bo‘lgan talabalarga 10 oy davomida 1,6 mln so‘mdan, o‘quvchilarga esa 660 ming so‘mdan oylik stipendiya ajratiladi.
Vazirlik stipendiyasi kvotasi ta’lim muassasalari bo‘yicha quyidagicha taqsimlanadi:
- TATUga — 10 ta;
- TATU filiallarining har biriga — 3 tadan;
- Toshkent shahridagi Inha universitetiga — 5 ta;
- Toshkent shahridagi Amiti universitetiga — 5 ta;
- “IT Park” University raqamli universitetiga — 3 ta.
Bundan tashqari, TATU va uning filiallari qoshidagi texnikum hamda litseylarning har biriga 1 tadan kvota ajratiladi.
Stipendiya nizomi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Arizalarni joriy yilning 15-avgustigacha it-istedod.uz sayti orqali jo‘natish mumkin.
Avvalroq “Astana Hub” Silikon vodiysida o‘tkaziladigan “Hero Training” akseleratsiya dasturining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.