Joriy yilning 20-iyunidan 2023−2024-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlangandi.
OTMlarning bakalavriatiga qabul jarayoni shu yilning 20-iyuligacha davom etdi.
Bilimni baholash agentligi qabul jarayonida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Unga ko‘ra, onlayn ariza topshirgan abituriyentlar soni jami 1 mln 18 ming 7 nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 200 mingga kam.
Abituriyentlarning ta’lim tili bo‘yicha taqsimoti:
- O‘zbek tili — 890 304 nafar;
- Rus tili — 95 456 nafar;
- Qoraqalpoq tili — 29 917 nafar;
- Boshqa tillar — 2 330 nafar.
Abituriyentlarning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan):
- Kunduzgi ta’lim shakli — 577 096 nafar;
- Kechki ta’lim shakli — 24 802 nafar;
- Sirtqi ta’lim shakli — 407 945 nafar;
- Masofaviy ta’lim shakli — 8 164 nafar.
Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan OTM birinchiligini O‘zbekiston milliy universiteti egallagan. Joriy yilgi qabul jarayonida mazkur universitetga 36 782 ta abituriyent ariza topshirgan.
Undan keyingi o‘rinlarda 30 421 ta nomzod bilan Toshkent davlat transport universiteti hamda 29 941 ta nomzod bilan Farg‘ona davlat universiteti turibdi.
Kuchli beshlikni esa Toshkent davlat pedagogika universiteti (28 827 nafar) hamda Qarshi davlat universiteti (28 417 nafar) yakunlaydi.
Universitetlar ketma ketligi birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan hisoblangan.
Shuningdek, abituriyentlarning doimiy yashash hududi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi — 120 008 ta.
Undan keyingi o‘rinlarda Samarqand (114 180 ta) hamda Farg‘ona (94 999 ta) viloyatlari bor.
15-iyuldan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi.
Davlat OTMning biridan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish uchun arizani transfer.edu.uz sayti, xorijiy mamlakatlarda yoki O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat OTMdan davlat OTMlariga ko‘chirish uchun arizani my.uzbmb.uz orqali jo‘natish mumkin.
Arizalarni joriy yilning 5-avgustigacha jo‘natish mumkin.