“Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, hukumat huzurida davlat muassasasi shaklida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi tashkil etilishi belgilanmoqda.
Bunda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari — Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori lavozimi joriy etiladi.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini qurish uchun yer uchastkalari “E-auksion” platformasi orqali auksion savdolarida sotiladi yoki ijaraga beriladi.
Bunda yerni sotish va ijaraga berish bilan bog‘liq jarayonlar Muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qaror bilan 2027-yilgacha direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Aprel oyida Yangi Toshkent shahri beshta asos bo‘yicha qurilishi ma’lum qilingandi.
Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi.
Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun yer osti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.