Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Tashkent city majmuasida joylashgan joyda bo‘lib, piyodalar va avtomobillar uchun sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Kelgusida harakat yanada ko‘payishini inobatga olib, Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish, piyodalar yo‘laklarini qulaylashtirish zarurligini ta’kidladi.
Toshkent xalqaro aeroporti yonidagi ko‘prik avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish uchun kengaytirilib, qo‘shimcha estakada qurilmoqda.
Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo‘ladi. Aylanma shaklidagi chiqish-tushish yo‘llari qayrilib olish xavfini yo‘qotib, harakatni osonlashtiradi.
Prezident bu yerdagi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirib, atrofni ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar ekish kerakligini aytdi.
Davlat rahbari Yashnobod tumanida ham bo‘lib, Abdulla Qodiriy va Kichik halqa yo‘li orasidagi Elbek bog‘ini asrash, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, prezident “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qurilishi bilan tanishdi.
Bu aeroportning umumiy maydoni 693 gektar. Loyihaga ko‘ra, unda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, terminallar, samolyotlar uchun angar va perronlar bo‘ladi.
Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi radiotexnika va meteorologiya asbob-uskunalari bilan jihozlanadi.
Hozir uchish-qo‘nish yo‘lagi va yuqori martabali mehmonlar terminali binosi barpo etilgan.
Prezident ularni ko‘zdan kechirib, keyingi qurilish ishlarini moliyalashtirish, terminalning tashqi ko‘rinishi va delegatsiyalar uchun qulayliklarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan sammitda mintaqalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan beshta yo‘nalish bo‘yicha muhim tashabbuslar va takliflarni bildirgandi.