Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.
“Spot” “Biznes tarixi” sahifasini davom etadi. Bu gal dunyo aholisining eng ko‘p qismi foydalanadigan “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ining tarixiga nazar solamiz.
Mazkur maqolada tarmoq qanday yaratilgani, qanday bosqichlarni bosib o‘tgani va bugungi kundagi daromadi haqida so‘z yuritiladi:
Tarmoq qanday yaralgan?
Ko‘pchiligimiz “Facebook"dan faol foydalanamiz, hech bo‘lmasa ijtimoiy tarmoq nomi tanish. Uning asoschisi Mark Sukerberg nomini esa bilmaydigan odam yo‘q.
Bir paytlar dunyoning Top universiteti Garvard talabasi bo‘lgan Sukerberg 2004-yilning yanvar oyida Mark Sukerberg virtual muloqot uchun facebook.com saytini yaratish ustida ish boshlaydi va tez orada uni ishga tushiradi.
2004-yilning 4-fevralida Thefacebookni www.thefacebook.com internet manzilida joylashtiradi. Dastlab faqat Garvard talabalari kirishi uchun mo‘ljallangan saytda Ikki hafta o‘tib, barcha talabalarning 2/3 qismi ro‘yxatga olindi.
Universitet talabalarining aksariyati o‘z akkauntlariga kirib, kuniga bir necha marta tasma to‘ldirishgan. Sayt mashhurligini ko‘rib, uning asoschisi sayt ustida ishlash uchun o‘zining yotoqxonadagi qo‘shnilarini jalb qilishga qaror qiladi — dasturiy ta’minot ustida ishlagan Dastin Moskovits va Kris Xyuz resursni targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan.
Asta-sekin boshqa universitetlar o‘zlarining “Facebook” tarmog‘iga ega bo‘la boshlashdi. Birinchidan, tarmoq Stenford va Yel universitetlari bo‘ylab tarqaldi va uch oy ichida 30 ta universitetda “Facebook” hamjamiyati paydo bo‘ldi.
“Facebook"ning uch kishidan iborat jamoasi o‘z ijtimoiy tarmoqlarini yanada rivojlantirishga e’tibor qaratish uchun kundalik universitet hayotidan tanaffus olishga qaror qilishadi.
Shundandan keyin ishlar juda tez siljidi: 2004-yilning noyabrida tarmoqda millioninchi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tadi.
2005-yilning oxirida “Facebook"da ro‘yxatdan o‘tgan besh million foydalanuvchi bor edi. Saytda suratga olish funksiyasi qo‘shilgach, bu raqam tez o‘sishni boshladi.
O‘sha yili “The” artikli tarmoq nomidan olib tashlandi. Bu esa facebook.com domeni $200 mingga sotib olinganidan keyin amalga oshirildi.
2006-yil “Facebook” xalqaro bozorga kirgan yil bo‘ldi. Shu yilning sentyabrida ijtimoiy tarmoqdan 13 yoshdan oshgan har qanday Internet foydalanuvchisi foydalanihslari mumkin bo‘ldi.
Garchi bu harakat foydalanuvchilar sonining yanada ko‘payishiga olib kelgan bo‘lsa-da, yoshi kattalar shubha yoki noto‘g‘ri tushunish bilan qabul qilishdi.
Keyingi qadamlar
2012-yilning 4-mayida Sukerberg o‘z sahifasidagi postida milliardinchi foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Bu o‘sha paytda sayyoramizning har 7-aholisi “Facebook"da o‘z shaxsiy profiliga ega bo‘lganini anglatadi.
2015-yil ijtimoiy tarmoqning oylik auditoriyasi 1,5 mlrd foydalanuvchiga yetdi.
2017-yil, mart oyida “Facebook” o‘zining mobil ilovasi uchun “Snapchat” funksiyasini taqdim etadi, bu foydalanuvchiarga bir kundan keyin o‘chadigan qisqa videolarni (Snaps) suratga olish imkonini beradi.
2017-yil yakuni bo‘yicha xalqaro tahlilchilar “Facebook"ni rasman dunyodagi eng yirik va eng ommabop ijtimoiy tarmoq sifatida tan olishadi. Uning oylik auditoriyasining hajmi 1,9 mlrd kishini tashkil qiladi.
2020-yilning sentyabrida ijtimoiy tarmoq yangilangan interfeys dizayniga o‘tadi.
O‘tgan yili “Fecabook” o‘z nomini “Meta"ga o‘zgartirdi. Tadbirda Sukerberg kompaniya “metaolamni” — barcha mavjud texnologiyalar va qurilmalar birlashtiriladigan virtual dunyoni ishlab chiqishini bildirgandi.
Nom o‘zgartirilishdan oldin kompaniyaning shtab-kvartirasi oldidagi “layk” tasviri olinib, o‘rniga Meta logotipi o‘rnatilgan.
Tarmoq logotipi
Oq shrift, ko‘k to‘rtburchak — bugungi kunda dunyodagi eng taniqli logotiplardan biri “Facebook” logotipi.
Ijtimoiy tarmoq universitet auditoriyasi darajasidan oshib ketganidan so‘ng, o‘zlarining logotiplarini yaratish haqida o‘ylashadi va buning uchun dizayner Mayk Bazzardga murojaat qilishadi.
Qisqa sukutdan so‘ng u yosh savdo belgisi uchun logotip sifatida ko‘k va oq ranglarda yaratilgan variantni taklif etadi. Bu ranglarni tanlash tasodifiy emas edi.
Bu bolaligidan deyteranopiyadan (yashil rangni ajrata olmaslik) aziyat chekadigan Sukerbergning ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, ko‘plab ijtimoiy so‘rovlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilar ko‘k rangni tozalik va texnologiya bilan bog‘lashadi.
Ish uchun to‘lov sifatida dizaynerga kompaniyadagi ulush taklif qilinadi, ammo u rad etadi. Bugungi kunda “Facebook” qanchalik qimmatga tushishini hisobga olsak, Bazzard o‘sha paytda juda kalta qaror qabul qilgani aniq.
So‘nggi o‘n besh yil ichida logotip deyarli o‘zgarmadi. Bir nechta yangilanishlar asosan ko‘kning turli xil soyalaridan foydalanishi bilan bog‘liq.
IPO’ga chiqish
2012-yil 18-may kuni “Facebook” o‘z aksiyalarini AQShning NASDAQ fond birjasida IPO doirasida joylashtirdi.
Korporatsiya rahbariyati qimmatli qog‘ozlar narxlari diapazonining yuqori chegarasini $38, eng pastini esa $34 deb e’lon qildi. Shu bilan uning kapitallashuvi $104 mlrdni tashkil etdi.
Kim oshdi savdosi natijalariga ko‘ra, ekspertlar ushbu joylashtirishni IT-industriyasi tarixidagi eng yirik joylashtirish deb atadi.
O‘sha kuni birja aylanmasi $580 mln.dan oshib, $18,4 mlrd mablag‘ni jalb qildi.
Milliarder Sukerberg
“Forbes” talqiniga ko‘ra, Mark Sukerberg dunyoning eng boy odamlari reytingida $64,4 mlrd boyligi bilan 16-o‘rinda turadi.
“Meta” butun dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoq kompaniyasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya tarkibiga “Facebook"dan tashqari “Instagram”, “WhatsApp” kabi tarmoqlar kiradi. Xodimlari soni 86 400 dan ortiq.
Kompaniyaning 2022-yildagi daromadi $117,9 mlrdni, foydasi esa $39,4 mlrdni tashkil etgan.
Bugungi kunda “Facebook” sayyoradagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq hisoblanadi.
2021-yilning boshida uning oylik auditoriyasi 2,8 mlrd faol foydalanuvchini tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilning aprel oyida bu ko‘rsatkich 2,9 mlrdni qayd etgan.