Investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etilib, investorga biriktiriladi. Bu haqda davlat rahbari investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha videoselektorda ma’lum qilgandi.

Investitsiya menejeri investorga loyiha ishga tushirilgungacha barcha bosqichda hamrohlik qiladi. Bunda ular yer olish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi masalalarni hal qilib boradi.

Farmon bilan quyidagilar tashkil etiladi:

  • Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi;
  • Vazirlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat va tashqi bozorlarni tahlil qilish markazi;
  • Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tizimida Investorlar markazi;
  • Eksportni rag‘batlantirish agentligi tizimida Eksportchilar markazi.

Joriy yilning 1-dekabrigacha Elektron kooperatsiya portali negizida O‘zbekiston Milliy sanoat portali yaratiladi.

“GSP+” tizimi imtiyozlari qo‘llanilishiga doir ma’lumotlar olish, sinov laboratoriyalarini (shu jumladan, veterinariya, o‘simliklar karantini, sanitariya-epidemiologiya sohalarda) erkin tanlash, sinov bayonnomalarini elektron rasmiylashtirish imkonini beruvchi “E-sertifikat” axborot tizimi ishga tushiriladi.

“Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi” davlat korxonasining O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tovarlar shtrixli kodlarining davlat reyestrini yuritish monopol funksiyasi bekor qilinadi.

1-avgustdan 20 ta vazirlik va idoralarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha “loyiha ofislari” tashkil etiladi. Quyida ularning ro‘yxati keltirilgan:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
  • Energetika vazirligi;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi;
  • Madaniyat va turizm vazirligi;
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
  • Transport vazirligi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi;
  • Raqamli texnologiyalar vazirligi;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
  • Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
  • Tog‘kon sanoati va geologiya vazirligi;
  • Tashqi ishlar vazirligi;
  • Ekologiya, atroh-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi;
  • Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Shuningdek, bino-inshootlar xarid qilish va ijaraga olish uchun kreditlar Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Sanoat ipotekasi” tizimi asosida ajratiladi.

Avvalroq prezident investitsiya dasturlaridagi 1,5 mingta loyihani tezlashtirish va $12,1 mlrd xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini ta’kidlagandi.

Jumladan, davlat investitsiya dasturi doirasida $11,5 mlrd.lik 272 ta yirik loyihani muddatidan oldin foydalanishga topshirish bo‘yicha “loyihabay” ish tashkil etiladi.

Bunda har bir loyihaga biriktirilgan vazir, vazir o‘rinbosarlari, bank rahbarlari mas’ul va javobgar bo‘ladi.