O‘zbekistondagi tadbirkorlar Germaniyada o‘tkaziladigan “Fit for Partnership” amaliyot dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Germaniya Iqtisodiyot va energetika federal vazirligining boshqaruv kadrlarini tayyorlash dasturi Savdo-sanoat palatasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Dastur O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlarini Germaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorlash hamda xalqaro menejment va xalqaro biznes sohasida boshqaruv vakolatlari va malakalarini oshirishga qaratilgan.
Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- rahbarlik lavozimida ishlashi;
- oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
- ingliz tilini bilishi;
- rahbar lavozimidagi ish tajribasi 3 yildan yuqori bo‘lishi;
- germaniyalik biznes hamkorlari bilan hamkorlik loyihasining mavjudligi.
Dasturning davomiyligi 8 haftani tashkil etadi. Shundan 6 hafta onlayn treningni o‘z ichiga olib, qolgan 2 hafta Germaniyada amaliyot o‘tkaziladi.
Ishtirokchilarning barcha xarajatlari Germaniya Iqtisodiyot va energetika federal vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Unda ishtirok etishni xohlovchi nomzodlar rezyumelarini joriy yilning 1-avgustiga qadar investment@chamber.uz elektron pochtasi orqali jo‘natishlari kerak.
Nomzodlar tanlov asosida saralab olinadi.
Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq “Apple” kompaniyasining amaliyot dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.