Avvalroq Yangi Toshkent shahrini barpo etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, davlat muassasasi shaklida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi tashkil etilishi, shu jumladan uning huquq va majburiyatlari belgilangan.

Shu bilan birga, joriy yilning 1-sentabriga qadar mazkur direksiyaga Mahalla xayriya jamoat fondi homiylik xayriyalari hisobidan $50 mln miqdorida mablag‘ beg‘araz ajratiladi.

2024-yilning 1-apreligacha esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xalqaro moliya institutlari kreditlarini va DXSh asosida investorlar mablag‘larini jalb qilishi belgilangan.

Mablag‘lar avtomobil yo‘llari, ichimlik va oqova suv ta’minoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda aloqa tarmoqlarini qurish maqsadida yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, hujjatda Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasini tezkor va sifatli ishlab chiqish maqsadida qaysi kompaniyalar jalb etilgani ta’kidlangan.

Xususan, bunga Singapurning “Meinhardt Pte. Ltd”, Buyuk Britaniyaning “Foster and partners” hamda Niderlandiyaning “OMA” kompaniyalari jalb etilib, amaliy ishlar boshlangan.

Mart oyida “Meinhardt Group” kompaniyasi bilan Yangi Toshkent shahrining birinchi bosqich bosh rejasi ishlab chiqilishi belgilangandi.


Yangi Toshkent loyihasi

2022-yilning oktabr oyida davlat rahbari Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi.

Joriy yil boshida Yangi Toshkentning birinchi bosqich bosh rejasi Singapur kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilishi ma’lum bo‘lgandi.

Mart oyiga kelib, prezident Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi bilan tanishdi. Unda qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari taqdim etilgandi.

Shaharchada vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, teatr, kutubxona, mehmonxonalar, turar joy binolari, bog‘lar o‘rin oladi.

Birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida quriladi.

Loyihada urbanizatsiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qo‘llanilishi ta’kidlangan.

Masalan, “uch-generatsiya” stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovutiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.

Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi.

Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun yer osti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.

Shahar uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 720,9 gektar yer maydoni tanlab olingan bo‘lib, dastlabki bosqichda 2 420 gektar yer maydonida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini qurish uchun yer uchastkalari “E-auksion” platformasi orqali auksion savdolarida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

Bunda yerni sotish va ijaraga berish bilan bog‘liq jarayonlar Muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Shuningdek, yuqoridagi qaror bilan 2027-yilgacha direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.