Uchinchi marotaba o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan davlat rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga ariza va murojaatlarni qabul qilish boshlandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot tizimli muammolarni aniqlash, ularni hal qilish yo‘llarini topish va mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi va biznes-ombudsman bilan hamkorlikda tadbirkorlar uchun call-markazlari va tahliliy shtab faoliyati tashkil etildi.
Murojaatlarni haftasiga yetti kun, 24 soat davomida yo‘llash mumkin. Kelib tushgan har bir murojaatlar inobatga olinishi ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, jarayonga mas’ul vazirlik va idoralar jalb etilib, viloyatlarda hududiy shtablar tashkil etilgan.
Murojaat va takliflarni 1094 va 1100 raqamlari yoki yozma ravishda business.gov.uz portali orqali jo‘natish mumkin.
Muloqotda onlayn va oflayn ravishda ishtirok etish imkoniyati mavjud.
Prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ilk ochiq muloqot 2021-yil 20-avgust kuni o‘tkazilgan. O‘sha paytda biznes vakillari tomonidan 15 mingdan ortiq ariza berilgan bo‘lib, ularning yarmiga yaqini biznesni kreditlash bilan bog‘liq.
Shu yilning dekabrida prezident 20-avgust sanasida tadbirkorlar kunini belgilash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, har yili shu kuni prezidentning ishbilarmon doiralar bilan uchrashuvi o‘tkaziladi.
2022-yilda qonunda ko‘rsatilgan sana dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani bois, muloqot ikki kunga qoldirilib, 22-avgust kuni o‘tkazildi.
O‘tgan yili O‘zbekistonda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etilib, u bilan 100 ta tadbirkor taqdirlandi. Shuningdek, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvoni ham ta’sis etilishi belgilandi.
Qayd etilishicha, ikki yil ichida tadbirkorlar O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va muammolarni hal etish bo‘yicha 27 mingdan ortiq murojaat va takliflar kiritgan.