Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kollej va texnikumlarda kasb va mutaxassislik egallash istagida bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab beshta soha bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq davlat granti asosida ta’lim olishlari belgilanmoqda.

Bunda kollej va texnikumlarning qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklar nazarda tutilmoqda. Ularning xarajatlari to‘liq davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Buning uchun professional ta’lim muassasalariga tegishli yo‘nalishlarga qabul qilingan xotin-qizlar o‘zlari ta’lim oladigan muassasa direktori nomiga o‘quv yilining 1-oktyabrigacha ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi

Mazkur muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan kollej va texnikumlar o‘quvchi-qizlariga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladigan kasb va mutaxassisliklar ro‘yxati tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Bunda kollej va texnikumlarga qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda ta’lim oladogan o‘quvchi-qizlar murojaati asosida masofaviy ta’lim olishga ruxsat beriladi.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalarni joriy yilning 4-avgustgacha bildirish mumkin.


Avvalroq maktablarda yuqori internet tezligiga ega tarif rejasini joriy etish bo‘yicha qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.