“Meta” kompaniyasi “Threads” ilovasining faol foydalanuvchilari soni ketma-ket ikkinchi haftada kamaymoqda, deya xabar berdi “Forbes” nashri “The Wall Street Journal"ga tayanib.
6-iyulda ishga tushirilgan ilovaning faol foydalanuvchilari soni 7-iyulda eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. Biroq, keyin bu ko‘rsatkich pasayishni boshladi va bu hafta deyarli 70% — 13 mln kishiga kamaydi.
Shu bilan birga, foydalanuvchilarning “Threads"da o‘tkazadigan vaqti ham qisqardi — u o‘rtacha 19 daqiqadan to‘rt daqiqaga kamaygan.
Ilovani “Android"ga o‘rnatgan AQSh foydalanuvchilari uchun bu ko‘rsatkichlar biroz yuqoriroq — o‘rtacha hisobda ular ilovadan foydalanishda besh daqiqa vaqt sarflashadi.
Asosiy raqobatchisi “Threads” bo‘lgan “Twitter"ning 200 mln faol foydalanuvchisi bor, ular ijtimoiy tarmoqda kuniga o‘rtacha 30 daqiqa vaqt sarflaydi, deb hisoblaydi “Sensor Tower” tahlilchisi.
“Meta” avvalroq “Threads” foydalanuvchilari faolligining pasayishi kutilayotganini, ammo tashvishga o‘rin yo‘qligini ta’kidlagandi.
“Kompaniya ilovada qo‘shimcha funksiyalarni, xususan, bir nechta akkauntlarni qo‘llab-quvvatlash, postlarni tahrirlash va tasmani xronologik tartibda joylashtirish imkoniyatini ishga tushirishga va’da berdi”, — dedi “Instagram” rahbari Adam Mosseri.
“Threads” ishga tushganidan keyin besh kundan kamroq vaqt ichida 100 mln foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazdi va yangi rekord o‘rnatdi.
Ilova ishga tushirilgandan keyin o‘zbekistonliklar “App Store"da eng ko‘p yuklab olgan ilovaga aylangandi. Shuningdek, birinchi kunida butun dunyo bo‘ylab 30 mlndan ortiq odam ilovaga qo‘shilgan.
Avvalroq “Threads” ilovasi Yevropa ittifoqi davlatlarida bloklandi. Bunga ilovaning Yevropa Ittifoqining raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunida keltirilgan ma’lum talablarga javob bermagani sabab bo‘lgan.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan Germaniya, Ispaniya, Italiya, Frantsiya, Irlandiya va Belgiyadagi ilovalar do‘konlarida “Threads” ko‘rinmagan.