BAAning “AMEA Power” kompaniyasi O‘zbekistonda shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishiga sarmoya kiritmoqchi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmayi xabar berdi.

Vazir Laziz Qudratov hamda kompaniya rahbari Husayn al-Novais o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda bu haqda ta’kidlangan.

Xususan, tomonlar Buxoro, Navoiy hamda Qoraqalpog‘istonda energetika sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

AMEA Power” kompaniyasi 2016-yilda tashkil etilgan. Dunyoning 20 ta mamlakatida umumiy quvvati 6 GVt dan ortiq bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmoqda.


BAA kompaniyalari mamlakatda bir necha yildan buyon muqobil energiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Ular orasida “Masdar” kompaniyasi ham bor.

Qayta tiklanuvchi energiya kompaniyasi Jizzax va Samarqand viloyatlarida har biri 220 MVt, Surxondaryoda 457 MVt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyalarini qurishni rejalashtirmoqda.

Xususan, OTB “Masdar” kompaniyasining uchta quyosh elektr stansiyasi loyihasi uchun jami $102 mln yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.

Yana ikkita bank “OIIB” hamda “YIB” har biri mazkur loyihaga $83,6 mln yo‘naltiradi. Natijada, jami moliyalashtirish paketi “OTB” va “YeTTB” mablag‘larini hisobga olgan holda $396,4 mlnni tashkil etadi.

Avvalroq BAAning “TAQA” kompaniyasi Oʻzbekistondagi elektr stansiyalari loyihalariga $3 mlrd ajratishi ma’lum qilingandi.

Kelishuv “Tolimarjon” IES yonida qurilishi rejalashtirilgan quvvati qariyb 1,5 GVt bo’lgan elektr stansiyasi bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, “Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 2 GVt dan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini ishlab chiqish, mamlakat boʻylab energiya saqlash uchun 500 megavatt-soat akkumulyatorlarni o‘rnatish bo‘yicha shartnoma imzolangan.