“Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” yagona portali ishga tushirildi, deya ma’lum qildi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Portal orqali qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish hamda uni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar qabul qilinadi.

Xususan, fuqarolar konstitutsiyadagi har bir modda bo‘yicha takliflarini qoldirishi mumkin.

Portal o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida faoliyat yuritadi. Unda kelib tushgan takliflar statistikasi ham berib boriladi.

Shuningdek, portalda quyidagi bo‘limlar mavjud:

  • Foydali ma’lumotlar va qo‘llanmalar;
  • Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati;
  • 100 ta savolga 100 ta javob;
  • Konstitutsiyaviy lug‘at;
  • Konstitusiyani o‘rganamiz;
  • Maxfiylik siyosati.

Takliflarni jo‘natish uchun Konstitutsiyaning kerakli bo‘limi, bobi va moddasi tanlanib, ekranning o‘ng tarafida paydo bo‘ladigan “taklif qoldirish” tugmasini bosish kerak.

konstitutsiya, portal, taklif

Undan keyin foydalanuvchi haqida ma’lumotlarni to‘ldirish zarur. Bunda barcha so‘ralgan ma’lumotlar to‘ldirilib, taklif matnini kiritish mumkin.

konstitutsiya, portal, taklif

Takliflar o‘rganib chiqilib yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda qo‘llanilishi mumkin.

Jo‘natilgan takliflar moderator tomonidan ko‘rib chiqiladi va ma’lumot uchun qabul qilinadi.

Bunda moderator takliflarga javob berishga majbur emasligi ta’kidlangan. Shuningdek, taklifni ko‘rib chiqish natijalari hamda qaror qabul qilinganligi haqida ham yozma yoki elektron shaklda javob berishga majbur emas.

Taklif bildirish uchun havola.


Mart oyida Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining Vazirga murojaat portali ishga tushgandi.