Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida startaplardan arizalar qabul qilinmoqda.

Maqsad iqtidorli yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Yangi istiqbolli yo‘nalishlardagi loyihalardan arizalar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.

Taklif etilayotgan startap loyihasi innovatsion element va ilmiy yangilikka ega bo‘lishi kerak.

Loyihani amalga oshirish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan mablag‘ning maksimal miqdori BHMning 3000 baravaridan (990 mln so‘m) oshmasligi kerak.

Shuningdek, loyiha asoschilari 40 yoshdan past bo‘lishi shart hamda har qanday ilmiy daraja va lavozimlarga ega nomzodlar ishtirok etishlari mumkin. Har bir jamoadan faqat bitta ariza qabul qilinadi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

  • startap loyihasining tavsifi;
  • startap rahbari va jamoasi haqida ma’lumot;
  • tavsiya xati.

Hujjatlarni joriy yilning 30-noyabrigacha Yoshlar akademiyasi sayti orqali jo‘natish mumkin.


Avvalroq Gruziyada o‘tkaziladigan “500 Global Investment Accelerator” dasturining beshinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni 11-avgustda havola orqali jo‘natish mumkin.