O‘zbekistonda rezident aviakompaniyalar soni 8 taga yetdi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Joriy yilning birinchi yarmida “Uzbekistan Airways”, “Panorama Airways”, “Humo Air” aviakompaniyalariga qo‘shimcha ravishda “Centrum Air”, “Silk Avia”, “Asia Union Airlines” va “Tashkent Air” aviakompaniyalari tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshladi.
O‘tgan 6 oy davomida “Uzbekistan Airways” hamda yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalar tomonidan 17 ta havo kemalari olib kelindi.
Bugungi kunda “Uzbekistan Airways”, “Qanot Sharq”, “Centrum Air”, “Silk Avia” hamda “Humo Air” aviakompaniyalari tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda haftasiga 93 ta muntazam aviaqatnovlar bajarilmoqda.
“IATA — 2023” yozgi mavsumida rezident va xorijiy aviakompaniyalarga haftasiga 697 ta chastotada xalqaro parvozlarni amalga oshirishga ruxsatnomalar taqdim etilgan.
Yanvar oyida O‘zbekistonga xorijdan qiymati $633,1 mlnlik 13 ta samolyot import qilindi. Bunda Germaniyadan qiymati $421,7 mln.lik 6 ta samolyot import qilingan.
Fevral oyiga kelib Shveysariyadan $86,5 mlnlik samolyot xarid qilindi va xorijdan sotib olingan samolyotlar soni 14 taga ($719,6 mln) yetdi.
Mart oyida davlat rahbari fuqarolik aviatsiyasi rahbarlariga yil yakuniga qadar 20 ta qo‘shimcha samolyotlarni olib kelishni topshirdi.
Statistika agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida umumiy qiymati $756,3 mln.lik samolyot va uchish apparatlari import qilingan.
O‘tgan yili O‘zbekiston Fransiyadan 815 mln yevroga samolyot xarid qilishi ma’lum bo‘lgandi. “Airbus"dan “Uzbekistan Airways” uchun 12 ta samolyot va 2 ta vertolyot hamda “ATR"dan “Silk Avia” uchun 5 ta samolyot xarid qilinadi.
“Qanot Sharq” aviakompaniyasi
“Qanot Sharq” aviakompaniyasi 2021-yil sentabr oyidan parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.
2022-yil 21-iyuldan boshlab “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg-Samarqand yoʻnalishi boʻyicha qatnovlarni boshlagandi.
Joriy yil avgust oyida aviakompaniya ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini lizingga oldi.
Shuningdek, “Qanot Sharq” Toshkent-Farg‘ona-Moskva yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
“Air Samarkand”
Noyabr oyida “Spot” Adliya vazirligining “Intellektual Mulk” ma’lumotlar bazasida “Air Samarkand” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza paydo bo‘lgani haqida xabar bergandi.
Shuningdek, “Air Samarkand” aviakompaniyasi ham 14-dekabr kuni taqdimoti bo‘lib o‘tgan reyslarni yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rmoqda.
U Samarqanddan Rossiya va Yaqin Sharqning 14 ta shahri, shuningdek, Hindistonga reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.
“Silk Avia”
“Uzbekistan Airports” tomonidan xususiylashtirish istiqboli bilan yana bir aviakompaniya — “Silk Avia” tashkil etildi.
Aviakompaniya 2025-yilgacha 70 yo‘lovchini sig‘dira oladigan 10 ta ATR 72−600 samolyotlarini xarid qiladi.
Kompaniya O‘zbekiston ichida arzon parvozlarga e’tibor qaratadi va ATR 72−600 rusumli beshta samolyotda aviatashuvlarni amalga oshiradi.
12-dekabr kuni “Silk Avia” kompaniyasining birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tkazildi. Hozirda samolyotni Toshkentga olib kelish bo‘yicha zarur eksport sertifikati tayyorlanmoqda.
“Panorama Airways”
“Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2022-yilning kuzida havo kemasi ekspluatatori sertifikatini oldi.
22-dekabr kuni “Panorama Airways” ilk tijoriy reysni amalga oshirdi. Yangi aviatashuvchining birinchi tijoriy parvozi Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida bo‘ldi.
Aviakompaniya O‘zbekiston, shuningdek, BAA, Isroil, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.
“Centrum Air”
“Centrum Air” “My Freighter” yuk aviakompaniyasi asoschilari tomonidan yaratilgan. Yil boshida u yo‘lovchi tashish uchun ruxsat oldi, shuningdek, o‘zining birinchi ikkita Airbus A320−232 samolyotini sotib oldi.
Fevral oyida aviakompaniya birinchi parvozini Farg‘onaga amalga oshirdi. Undan keyin xorijiy yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlarni joriy eta boshladi.
Bu yo‘nalishlar qatorida Vengriya, Gruziya hamda Qozog‘iston kabilar bor.