Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Angren logistika markazining 100% davlat ulushini xususiylashtirish boshlangani haqida xabar berdi.
“Mosaic Financial” savdo jarayoni uchun maslahatchi vazifasini bajaradi. Ariza beruvchilar aktivni sotib olishga qiziqish bildirish (express of interest) uchun ariza tuzish va yuborishlari so‘raladi.
Murojaat o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlanishi mumkin. Arizada kompaniya, uning aksiyadorlari, ta’sischilari va benefitsiarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, 3 yillik moliyaviy hisobotlar ilova qilinishi kerak.
Arizalarni joriy yilning 31-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 dan kechiktirmay info@mosaic-financial.uz elektron manziliga jo‘natish kerak.
Birinchi bosqichdan o‘tgan nomzodlar majburiy bo‘lmagan taklifni topshirishga taklif qilinadi. Ma’lumotni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandan so‘ng ular aktivlar haqidagi ma’lumotlar memorandumiga ham kirish huquqiga ega bo‘ladilar.
Batafsil ma’lumotni Davaktiv agentligi rasmiy saytidan olish mumkin.
Angren logistika markazi 2009-yilda hukumat qaroriga muvofiq yuk tashish sohasini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Markaz tovarlarni saqlash, ularni ortish va tushirish, tashish, bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanadi.
Kompaniyaning Angren shahrida 19 gektar maydonda ikkita temir yo‘l liniyasiga ega logistika majmuasi mavjud.
Shuningdek, u 171 ta avtomashina va bitta evakuatordan iborat parkga ega. Korxonada 74 kishi ishlaydi.
Iyun oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Angren logistika markazining 100% ulushini xususiylashtirish bo‘yicha professional maslahatchi tanlash boshlanganini e’lon qilgandi.