“Unistream” to‘lov tizimi pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda davom etmoqda va O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari limitlarini oshirmoqda, deya xabar berdi Rossiya banki matbuot xizmati.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, “Unistream” odatdagidek o‘z ishini davom ettirib, “UzCard” hamda “HUMO” kartalariga komissiyasiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, iyul oyidan boshlab “UzCard” va “HUMO” kartalariga pul o‘tkazmalari limiti oshirilgan. Endi bitta tranzaksiya summasi deyarli 16,5 mln so‘mni tashkil etadi, har bir karta uchun umumiy oylik limit esa 165 mln so‘mgacha oshadi.
Pul o‘tkazmalarini yuborish milliy valyutada qabul qilingan holda rublda amalga oshiriladi. Pul o‘tkazmasini “Unistream"ning istalgan ofisida yoki hamkor ofislarida, Rossiya bankining veb-saytida va mobil ilova orqali yuborish mumkin.
Mazkur to‘lov tizimi egasi “Unistream Bank” o‘tgan hafta AQSh tomonidan bloklovchi sanksiyalarga uchragandi. Xususan, ular dollar aktivlarini muzlatish va AQSH valyutasidagi operatsiyalarni amalda bloklashni nazarda tutadi.
Bir kun avval O‘zbekistonning bir qancha banklari “Unistream” bilan ishlashni to‘xtatganini ma’lum qilgandi. 24-iyul kuni tizim orqali pul o‘tkazmalari “Ipoteka bank”, “Xalq banki”, “Trastbank” va “Hamkorbank” tomonidan to‘xtatildi.
O‘tgan yildan boshlab “Kapitalbank” va “Ipak yo‘li” to‘lov tizimi bilan ishlashni to‘xtatgandi.