O‘zbekistondagi 14ta OTMda masofaviy ta’lim shakli joriy etildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi boshqarma boshlig‘i Abduvahob Hayitov ma’lum qildi.
Xususan, joriy yilgi qabul jarayonida 6 834 ta abituriyent masofaviy ta’lim shaklida o‘qish istagini bildirgan. Bu birinchi ta’lim yo‘nalishi asosida anilqangan.
Shuningdek, 545 616 ta abituriyent kunduzgi, 22 867 nafari kechki, 373 169 nafari sirtqi ta’lim shakli uchun ro‘yxatdan o‘tdi.
2022-yilning oktabrida “Oliy ta’lim tashkilotlarida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlangandi.
Unga ko‘ra, masofaviy ta’lim orqali oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlarni tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilangan.
Masofaviy ta’lim shakli to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Buning uchun ta’lim tashkilotida quyidagilar bo‘lishi talab etiladi:
- masofaviy ta’limni boshqarish uchun “Learning Management System” platformasi;
- internetga ulanish va foydalanish uchun axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi;
- o‘quv yili uchun mo‘ljallangan o‘quv kontenti;
- fanlarning elektron o‘quv-metodik majmualari hamda ilmiy va o‘quv adabiyotlarining elektron bazasi;
- kompyuter texnikasi bilan jihozlangan alohida bino yoki auditoriyalar;
- texnik va dasturiy komponentlar ishlashini ta’minlaydigan muhandis-texnik xodimlar;
- ta’lim tashkilotiga tegishli bo‘lgan, mamlakat hududida joylashgan server qurilmasi;
- ta’lim tashkiloti to‘g‘risidagi barcha axborotlar joylashtirilgan rasmiy veb-sahifa.
Masofaviy ta’lim joriy etish mumkin bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari har yili 1-aprelgacha e’lon qilinadi.
2018-yili prezidentning tegishli qarori bilan oliy ta’lim muassasalariga masofaviy o‘qitishni tashkil etish huquqi berilgandi.