Joriy yilning birinchi yarmida xorijdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmida kamayish kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Xususan, olti oyda xorijdan mamlakatga $5,2 mlrd miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan bo‘lib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,2%ga kamaygan.

Pul o‘tkazmalarining qariyb 80%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi, deydi regulyator rahbari.

Xususan, o‘tgan iyun oyida $1,03 mlrd miqdorida pul o‘tkazmasi amalga oshirilgan bo‘lib, 2022-yilning bu davrida amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $2,3 mlrd.ni tashkil etgan.

O‘tgan yilning ikkinchi choragida transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada ko‘payib, 2021-yilga nisbatan ikki barobarga o‘sgandi.

Joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $3 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19%ga oshgandi.

Markaziy bank raisi pul o‘tkazmalari hajmida yil yakunigacha kutilmalarda yilning qolgan qismida kamayishlar kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Joriy yilning ikkinchi choragida pul o‘tkazmalari hajmi birinchi chorakka nisbatan sezilarli darajada oshgan.

Shuningdek, Yanvar-iyun oylarida banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut $1,1 mlrdga teng bo‘ldi.

Bunda aholining valyuta sotuvi $5,5 mlrd.ni va aholining valyuta xaridi $4,4 mlrd.ni tashkil etgan.