15-iyuldan OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari boshlangandi. Arizalarni qabul qilish jarayoni 5-avgustigacha davom etadi.
Arizalarni transfer.edu.uz hamda my.uzbmb.uz jo‘natish mumkin.
Bunda transfer.edu.uz platformasi orqali davlat OTMning biridan boshqasiga, my.uzbmb.uz platformasi orqali esa xorijiy va nodavlat universitetdan davlat OTMlariga “perevod” qilish mumkin.
Transfer.edu.uz saytidan qanday foydalanish mumkin?
Talabalar o‘qishini ko‘chirish uchun onlayn tizim orqali quyidagi masalalar bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin:
- boshqa universitetga o‘qishni ko‘chirish;
- boshqa ta’lim shakliga o‘qishni ko‘chirish;
- universitetda o‘qishni qayta tiklash.
Xizmatdan foydalanib, ariza jo‘natish uchun oldin telefon raqam bilan ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi.
Undan keyin ochilgan sahifada ma’lumotlarni kiritiladi. Shu bilan ma’lumotlar shakllanadi.
Chap tarafda joylashgan “Ariza topshirish” tugmasini bosgandan keyin esa arizalar turidan keraklisini tanlab ariza topshirish mumkin.
Agar boshqa OTMga o‘qishingizni ko‘chirish kerak bo‘lsa, kerakli sahifada OTM nomini, ta’lim shaklini hamda yo‘nalishini tanlash zarur.
Bunda o‘qishni ko‘chirish sababini ham kiritish kerak.
O‘zbekistondagi bir OTMdan boshqasiga ko‘chirish uchun faqat quyidagi 2 ta toifa talabalariga ruxsat beriladi:
- talaba turmushga chiqsa, turmush o‘rtog‘ining yashash joyidagi OTMga;
- davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda farzandi yoki turmush o‘rtog‘i tegishli rahbar tavsiyanomasi bilan.
Undan keyin akademik ma’lumotnoma, reyting daftarchasi yoki transkript nusxasini yuklash mumkin.
My.uzbmb.uz orqali qanday ariza jo‘natish mumkin?
Bilim va malakalarni baholash agentligi sayti (my.uzbmb.uz) orqali xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga “perevod” qilish mumkin.
Saytga kirgandan keyin “O‘qishni ko‘chirish” bo‘limini tanlash kerak. Agar saytdan hali ro‘yxatdan o‘tilmagan bo‘lsa, telefon raqam bilan ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Ro‘yxatdan o‘tib kerakli sahifani tanlagach yana sahifa ochiladi. Unda Tahsil olayotgan ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Bunda ham akademik ma’lumotnoma yoki reyting daftarchasi nusxasi talab etiladi.
Undan keyingi qadamda o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘layotgan OTM va ta’lim yo‘nalishi haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Shuningdek, test topshirish hududi, ta’lim shakli kabi ma’lumotlarni ham kiritish kerak. Barcha ma’lumotlar kiritilib bo‘lingach arizani jo‘natish mumkin.
O‘zbekistonning o‘zidagi xorijiy va xususiy OTM talabalari ham davlat OTMga o‘tish uchun imtihon topshiradi.
O‘tish ballini to‘plolmaganlar “super-kontrakt” asosida qabul qilinishi mumkin.
Abituriyentlarga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlar o‘qishini ko‘chirayotganlar uchun amal qilmaydi.
Arizalarni joriyi yilning 5-avgustigacha jo‘natish mumkin.
Avvalroq “Spot” ikkinchi mutaxassislikka arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.