O‘zbekistonda raqamli valyutani joriy etishni tezlashtirishga hojat yo‘q. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Spot” muxbiri.

Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida regulyator rahbari davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda raqamli valyutalardan foydalanish haqidagi savolga javoban yaqin kelajakda bunday muvofiqlashtirish imkoniyatini ko‘rmasligini ta’kidladi.

Uning fikricha, Rossiya va Xitoyning raqamli valyutalarga o‘tishidan asosiy maqsad tranzaksiyalarda aholining komissiya xarajatlarini kamaytirishdir. Biroq, O‘zbekistonda joriy yilning aprel oyida qabul qilingan qarordan so‘ng raqamli summani joriy etishni tezlashtirishning hojati yo‘q.

“Mamlakatimizda tovar va xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda komissiya to‘lovlarining asosiy qismi to‘lovchi tomonidan emas, balki mablag‘ oluvchi tomonidan to‘lanadi. Ushbu pozitsiyada aholi pul operatsiyalari bilan bog‘liq ma’lum xarajatlarni o‘z zimmasiga olmaydi”, — deya tushuntirdi Nurmuratov.

Regulyator rahbari raqamli rublning aholi uchun jozibadorligini ta’kidladi, chunki Rossiyada to‘lovlar bo‘yicha komissiya ba’zi hollarda 3−4% gacha yetadi.

Biroq, raqamli valyutadan foydalanish likvidlikning yo‘qolishi sababli bank sektoriga xavf tug‘diradi. Misol uchun, raqamli rubl Rossiya bankida saqlanadi va barcha to‘lovlar u orqali amalga oshiriladi, shuning uchun tijorat banklari o‘zlarining depozit bazasini yo‘qotishadi.

Shuningdek, Markaziy bank raqamli valyutani joriy etishning foyda va xatarlarini o‘rganishni davom ettirayotgani ta’kidlandi.

“Biz ish olib boramiz, boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganamiz av muloqot qilamiz. Yaqinda mutaxassislarimiz Xitoyga borishdi va bu jarayon Xitoy Xalq bankida muhokama qilindi. Ya’ni, hozir doimiy o‘rganib, bu turdagi pul birligiga ehtiyoj va afzalliklarni ko‘rib chiqyapmiz”, — deya xulosa qildi Markaziy bank raisi.

2022-yilning fevralida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov regulyator raqamli valyutani ishlab chiqishi va sinovdan o‘tkazishi haqida ma’lum qilgandi.


Avvalroq “Spot” birinchi yarim yillikda davlat budjeti xarajatlarining o‘sishi qisman gaz importining oshishi bilan bog‘liqligini ta’kidlagani haqida xabar bergandi.