Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov nega davlat banklarini xususiylashtirish jarayoni cho‘zilib ketayotganiga izoh berdi. Bu haqda u 27-iyul kuni matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.

“Bu nafaqat bizning istak va ehtiyojlarimizga, balki xorijiy investorlarning ishonchiga ham bog‘liq”, — dedi regulyator rahbari banklarni xususiylashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar haqida to‘xtalib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish jarayoni tez kechmayapti. Xususan, o‘tgan yilgi geosiyosiy inqiroz xorijiy investorlarning postsovet mamlakatlari bozorlariga kirishini qiyinlashtirdi.

“Ushbu [xususiylashtirish] jarayonda eng muhimi banklarimizni transformatsiyaga tayyorlashdir. Bu jarayonni qancha tezlashtirsak, shuncha tez banklarni sotuvga tayyorlaymiz”, — qayd etdi Nurmuratov.

Markaziy bank raisi xususiylashtirish bir yildan ko‘proqqa cho‘zilishi mumkinligini, shu bilan birga, bu jarayonga O‘zbekiston banklarining xususiylashtirishga tayyorligi ta’sir ko‘rsatmasligi, sababi bu jarayonni kechiktiradigan xalqaro moliyaviy tanglikka bog‘liqligini ta’kidladi.

Joriy yilning mart oyida prezident qarori bilan ommaviy savdolar orqali sotiladigan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda 1001 ta aksiya, 1046 ta ko‘chmas mulk hamda 40 ta IPO mavjud.

1-iyuldan aholiga davlat ko‘chmas mulkini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi berildi.

Shuningdek, 1-sentabrdan esa ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar DXM yoki Yagona portal orqali beriladi.

O‘tgan yili “Ipoteka-bank"ning 75% davlat ulushi Vengriyaning OTP bankiga sotildi. Aksiyalarning 75% hozir, qolgan 25% esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil keyin sotiladi.

Keyinchalik bankning $324 mln.ga sotilgani ma’lum bo‘lgandi. Iyun oyiga kelib Vengriya banki “Ipoteka bank” bilan sotuvlarni yakunladi.

Joriy yil yanvar oyida “O‘zagroeksportbank"ning 100% davlat ulushi “Support Level” kompaniyasiga $5 mlnga sotildi.

2023-yil davomida “O‘zsanoatqurilishbank” kapitaliga $125 mln, “Asakabank"ka $100 mln mablag‘ jalb qilinadi.