Vengriyada O‘zbekiston-Vengriya qoʻshma biznes-forum doirasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Yig‘ilish doirasida ikki mamlakatning 200 dan ortiq ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum ham boʻlib oʻtdi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalarida hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda tomonlar investitsiya jamgʻarmasining ishga tushirilishini kelishib oldi.
Tomonlar mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni faollashtirish maqsadida Toshkent va Budapesht shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni muhokama qildi.
Shuningdek, oʻzaro sayyohlik oqimining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilayotgan viza tartib-taomillarini soddalashtirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, tashrif doirasida Vengriyaning yetakchi kompaniyalari: “KESH”, “Gedeon Rixter”, “Meditop”, “Wizz Air”, “Bonafarm”, “Mall Group” va “Semmelweis University” rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va ular davomida bir qator aniq kelishuvlarga erishildi.
Avvalroq “Spot” Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.
20-avgustdan ikki poyaxt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar boshlanadi. Parvozlar “Qanot Sharq” aviakompaniyasining Airbus A320 samolyotida amalga oshiriladi.