Avvalroq Ispaniya va Yaponiya kompaniyalari “Tolimarjon” IESda ikkita bug‘-gaz qurilmalarini barpo etishi haqida xabar berilgandi.
Loyiha Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga 2025-yilning yakuniga qadar amalga oshirish belgilangan.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, issiqlik elektr stansiyasida ikkita yangi bug‘-gaz qurilmalari qurilishi boshlandi.
Loyihaning bosh pudratchilari “INTECSA Ingeniera Industrial” (Ispaniya) va “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya) bo‘ladi, ular bilan IES 2022-yil noyabr oyida shartnoma imzolagan.
“Tolimarjon” IESda quriladigan loyiha qiymati $771,8 mlnga baholanmoqda.
Yangi quvvat bloklarining umumiy quvvati 1065 MVtni tashkil qiladi (ilgari u kamida 900 MVt bo‘lishi xabar qilingandi).
Qayd etilishicha, qurilishni 2025-yil oxirigacha yakunlash va energobloklarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
“Loyiha amalga oshirilishi natijasida, korxona tomonidan yiliga qo‘shimcha 8,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga 600 mln kubmetr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi”, deyiladi xabarda.
Yangi energobloklar Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, shuningdek, Qarshi magistral kanalidagi nasos stansiyalarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Avvalroq “Spot” “Tolimarjon IES"da quvvati 1 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.