“Wildberries” onlayn platformasi O‘zbekistondagi faoliyatining birinchi yarim yilligini sarhisob qildi.
Unga koʻra, marketpleysning mamlakatdagi mahsulotlar sotuvi 12,7 mlrd rublgacha oshgan.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 59%ga oshdi.
TOP-5 mashhur mahalliy mahsulotlar:
- kiyimlar — 8,4 mlrd rubl;
- uy tovarlari — 1,3 mlrd rubl;
- ichki kiyim — 1,2 mlrd rubl;
- sport kiyimlari — 878,5 mln rubl;
- idish-tovoq va inventar — 309,1 mln rubl.
TOP-11 eng dinamik o‘sib borayotgan mahsulotlarning toifalari tarkibi (birinchi yarim yillikdagi “Wildberries” savdo ma’lumotlariga asoslangan):
- sog‘liqni saqlash mahsulotlari (+846%);
- mebel (+797%);
- oshxona jihozlari (+624%);
- maishiy texnika (+398%);
- tikuvchilik uchun tovarlar (+342%);
- maishiy tovarlar (+316%);
- kosmetika va parfyumeriya (+230);
- uy tovarlari (+207%);
- televizorlar va audio jihozlar (+220%);
- kitoblar (+146%);
- boshqa mahsulotlar (+108%).
“Mahalliy korxonalarning onlayn segmentga kirishga qiziqishi ortib borayotganidan mamnunmiz. Biz mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yanada faol ravishda mustahkamlashni rejalashtirmoqdamiz. Bu O‘zbekistonda iqtisodiyot bozori va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ko‘proq imkoniyatlar va mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining oshishiga hissa qo‘shadi”, — deyiladi “Wildberries” matbuot xizmati xabarida.
“Wildberries” 2022-yil 14-fevralda Toshkentda birinchi tarqatish punktini ochdi. Platforma asoschisi Tatyana Bakalchuk “juda istiqbolli bozor” deb atagan O‘zbekiston kompaniya uchun 20-mamlakat bo‘ldi.
2022-yil yozidan boshlab marketpleys mahalliy hamkorlar bilan hisob-kitoblarda so‘mga o‘tdi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili mahalliy mahsulotlar savdosi ikki baravar koʻpaygan. Yuqori o‘sish sur’ati hozirgi kungacha davom etmoqda — masalan, aprel oyida sotuvlar 79%ga o‘sdi.
O‘tgan yil noyabr oyida Tatyana Bakalchuk Toshkentda $130 mln.ga “Wildberries” logistika va saralash majmuasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
Toshkent viloyatida joylashgan 1122 kvadrat metr maydonga ega logistika markazi may oyida ish boshladi.
Avvalroq “Spot” “Wildberries” O‘zbekistonda biznes maktabini ishga tushirayotgani haqida yozgandi.